Samarqandning asl farzandi

Samarqandda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti tavallud kuniga bag‘ishlangan tadbirlar Hazrati Xizr majmuasida Islom Karimov maqbarasi ziyorati bilan boshlandi.
Samarqand viloyati va shahar hokimliklari rahbarlari, faollar va jamoatchilik vakillari ishtirokida Qur’on oyatlari tilovat qilindi.
Islom Karimovning mustaqil O‘zbekiston davlatini barpo etish va xalqaro maydondagi obro‘sini oshirish, xalqimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirgan ishlari yodga olindi.


Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Birinchi Prezidentimiz maqbara-majmuasi bunyod etilishi, Toshkent, Samarqand va Qarshi shaharlarida Islom Karimov haykallari o‘rnatilishi, har yili tug‘ilgan kuni keng miqiyosda nishonlanishi xalqimizning o‘z ardoqli farzandi xotirasiga yuksak hurmat va ehtiromi ramzi ekanligi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng Registon maydoni yaqinida o‘rnatilgan Islom Karimov haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.


– Birinchi Prezidentimiz Samarqand farzandi sifatida qadimiy shahrimiz bilan g‘ururlanar va uning shuhratini yanada oshirishga juda katta hissa qo‘shgan inson sifatida hamshaharlarimiz xotirasida yashamoqda, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi rahbari Xurshid Nurullayev. – Vatanimiz mustaqillikka erishgach, tarixiy-madaniy yodgorliklarni asrab-avaylash va ularni obod qilishda Islom Karimovning xizmatlari beqiyos bo‘ldi. Ayniqsa, Amir Temur va temuriylar bilan bog‘liq tarixiy obidalarning qayta tiklanishi, restavratsiya qilinishi, shahrimizda Sohibqiron bobomiz haykali o‘rnatilishi Samarqandning azaliy shuhratini tiklash bilan barobardir.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri