Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida parlament quyi palatasi yig‘ilishidagi asosiy nutqida hukmron Liberal-demokratik partiya raisi lavozimidagi muddati tugagunga qadar mamlakat konstitutsiyasiga tuzatish kiritish niyatidan hamon qaytmaganini bildirdi.

“RIA Novosti” yozishicha, LDP mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgarish kiritish, ya’ni mamlakatga o‘zini-o‘zi mudofaa qilish kuchlari zarurligini tasdiqlatish tarafdori. Muxolifat fikricha, bu maqsad konstitutsiyaning “Tinchlik” atalmish to‘qqizinchi moddasiga zid. Zero, Yaponiya armiyaga egalik qilish va xalqaro mojarolarni hal qilish vositasi sifatida urushdan voz kechgan.

O‘zgarish tarafdorlari bu loyiha faqat huquqiy maqomga ega  bo‘lish va o‘zini-o‘zi mudofaa qilish kuchlari mavjudligini tan olish to‘g‘risida ekanini ta’kidlamoqda. Bundan tashqari, favqulodda holat davrida hukumat vakolatini kengaytirish imkoniyati, o‘rta maktabda bepul ta’lim joriy etish va boshqa turli o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi loyihalar ham muhokama qilinyapti.

Qonunga ko‘ra, mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgarish kiritish uchun muayyan taklifni parlament a’zolarining uchdan ikki qismi qo‘llab-quvvatlashi lozim. Shundan so‘ng o‘zgarish umumxalq ovoziga qo‘yiladi.