Alisher Qodirov: “Bildirgan hech qaysi bayonotimdan afsusda emasman!” (+video)

Bugun yurtimiz ravnaqi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida siyosiy faollik har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega. Xabaringiz bor, 2024 yil yurtimizda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar uchun “sinov” yili hisoblanadi. Amaldagi 5 ta partiya o‘tgan 5 yil davomida o‘zining saylovchilariga bergan va’dalarini qanchalik bajarganligi haqidagi “hisoboti” va navbatdagi 5 yillik uchun o‘zining yangi siyosiy dasturini taqdim etishi kerak bo‘ladi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi eng birinchilardan bo‘lib, siyosiy partiya rahbarlari uchun o‘zining “Minbar”ini taqdim etadi. “Minbar” loyihasida 2024 yil davomida siyosiy maydonda qanday o‘zgarishlar yuz berishi, ayrim siyosiy partiyalarning qo‘shilib ketishiga doir “prognozlar”. Bundan tashqari jamiyatimizda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan muammolarga nisbatan siyosiy faollarning munosabati bilan tanishtirib boradi.
Loyihaning ilk soni mehmoni “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov bo‘ldi.
Suhbat davomida rus propagandasiga nisbatan “keskin choralar” ko‘rish vaqti kelgani, “chalasavod rus shovinisti”ning fikrlariga nisbatan Rasmiy munosabat. Hali qabul qilinmagan “yangi lotin” yozuvidan foydalanish orqali Partiya raisi nima demoqchi ekanligi haqida gapirib o‘tdi.
Shuningdek, 2024 yilda kutilayotgan siyosiy partiyalar qo‘shilib ketishi bo‘yicha “prognoz”lar haqida, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining dasturidagi o‘zgarishlar haqida batafsil suhbatlashildi.
“Minbar” loyihasining navbatdagi mehmoni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Aktam Xaitov.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining rahbariga o‘zingizni qiziqtirgan savollaringiz, taklif va mulohazalaringizni O‘zbekiston Milliy axborot agentligining barcha ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalaridagi pochtalarida xabar sifatida qoldirishingiz mumkin.
Eng ishonchli va rasmiy xabarlarni biz bilan kuzatishda davom eting!
M.Turdaliyeva, N.Abduvoitov O‘zA