“Grüne Woche” (Yashil haftalik): tanishuv, tajriba va hamkorlik

Joriy yilning 19-28 yanvar kunlari Berlin shahridagi “Grüne Woche” xalqaro yarmarkasida O‘zbekiston milliy mahsulotlari namoyish etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan ushbu xalqaro tadbirga mamlakatimizning 50 dan ortiq yetakchi korxona vakillari ishtirok etdi. Ular tomonidan yarmarkada ho‘l va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari, konservalangan mahsulotlar, turli meva sharbatlari va nektarlardan iborat salqin ichimliklar, quritilgan meva, ziravor va sabzavotlar hamda qandolat mahsulotlari va boshqa 192 turdagi oziq-ovqat mahsuloti taqdim etildi. Shuningdek, ular uchun “B2B” uchrashuvlari uyushtirildi.
Ta’kidlash kerakki, “Yashil haftalik” Germaniyadagi an’anaviy yarmarkalardan biridir. 1926 yilda Berlinda asos solingan ushbu oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va bog‘dorchilik sohasida yetakchi xalqaro savdo yarmarkasi bu gal 88-marotaba o‘tkazildi. Unda dunyoning 60 mamlakatidan 1400dan ortiq kompaniya va fermer xo‘jaliklari ishtirok etdi.
Yarmarkada Polshaning “Icon Group Sp.z.o.o.” kompaniyasi prezidenti Piotr Karpinskiy ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar haqida o‘z fikrini bildirdi.
–Biz O‘zbekistondan Polshaga quruq mevalar, piyoz, kartoshka kabi sabzavotlar importi bilan shug‘ullanamiz. “Yashil haftalik” yarmarkasida barcha tadbirkorlar bir joyda uchrashganimizdan juda mamnunman. Biz o‘zbekistonlik hamkorlar bilan import miqdorini oshirish, mahsulot narxi, qadoqlash va ularni yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib bordik. Bu esa navbatdagi hamkorlikka qo‘yilgan muhim qadamdir, – dedi u.
Yarmarka doirasida qator tadbirlar ham o‘tkazildi. Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi global forumi ulardan biridir. Unda 70 dan ortiq davlatning qishloq xo‘jalik vazirlari uchrashdi. Ahamiyatlisi, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya mazkur forum va haftalik ochilish marosimi hamda XVI qishloq xo‘jaligi vazirlari konferensiyasi tadbirlarida ishtirok etdi.
–O‘zbekiston kabi rang-barang madaniyatga, turli xil taomlarga boy mamlakatlarni juda yoqtiraman, – dedi yarmarka mehmoni Otto Shmidt. – O‘zbekiston va Tojikiston, qolaversa, Markaziy Osiyo davlatlarini Berlin xalqaro yarmarkasida ishtirok etishi bu katta yutuq. Ushbu mamlakatlarning Yevropa bozoridagi istiqboli juda yuqori. Ular keyingi 20-30 yillikda Berlin yarmarkasida o‘zining doimiy mustahkam o‘rnini ta’minlashi mumkin. Shu sababli ham qishloq xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirib, Yevropa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozoridagi imkoniyatlardan foydalanish lozim.
Yarmarka doirasida qator uchrashuvlar va tegishli kelishuvlarga erishildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA