O‘zbekistonliklarning o‘rtacha oylik maoshi o‘zgardi

540

Prezident huzuridagi Statistika agentligi nominal hisoblangan o‘rtacha oylik ish haqi bo‘yicha dastlabki statistik ma’lumotlarni e’lon qildi. Bu miqdor 4,5 mln. so‘mni tashkil etdi.

Ma’lumki, nominal hisoblangan ish haqi ma’lum bir davr (oy, yil) mobaynida xodim tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot (bajarilgan ish yoki ko‘rsatilgan xizmat) evaziga ish beruvchilar tomonidan amaldagi qonun hujjatlariga asoslangan holda soliq va boshqa to‘lovlarni o‘z ichiga oluvchi yollanma xodimning mehnatiga haq to‘lash tarzida jismoniy shaxsga pul shaklida hisoblangan daromadlardan iborat bo‘ladi. Bu ish haqi fondini xodimlar soniga bo‘lish yo‘li bilan hisoblab chiqariladi.

Boshqacha aytganda, kimdir 50 million so‘m maosh olsa, yana kimdir 2 million so‘m oladi. O‘rtacha oylik ish haqi esa taxminan 20-30 million so‘m bo‘lishi mumkin. Lekin bu degani aholining o‘rtacha oylik maoshi 20 million so‘m degani emas!

Agentlik e’lon qilgan dastlabki ma’lumotlarda keltirilgan raqamlar o‘tgan 2023 yilning yanvar-dekabr oylariga oid bo‘lib, unda qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik sub’ektlari bo‘yicha ma’lumotlar o‘z aksini topmagan.

Avvalo, shuni aytib o‘tish kerakki, inflyatsiyani hisobga olmasak, o‘rtacha oylik ish haqi (O‘OIH) ko‘tarilib borish dinamikasini qayd etgan. Masalan, 2019 yilda o‘rtacha oylik ish haqi 2324,6 ming so‘m bo‘lgan, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 2673,3, 2021 yilda 3214,8, 2022 yilda 3882,2 ming so‘mni, hisobot davrida – 2023 yilda esa 4551,4 ming so‘mni tashkil etgan.

O‘zbekiston bo‘ylab O‘OIH o‘tga yilgi ko‘rsatkichga nisbatan +17,2 foizga o‘sgan. Hududlar kesimida qarasak, eng katta O‘OIH Toshkent shahriga xos bo‘lib, 7453,4 ming so‘mdan iborat. Ikkinchi o‘rindan Navoiy (5887,8 ming so‘m), uchinchi o‘rindan esa Toshkent viloyati (4526 ming so‘m) o‘rin olgan. Eng kam O‘OIH esa 3310,6 ming so‘m bo‘lib, Namangan viloyatiga tegishli. Undan tepadagi esa 3367,7 ming so‘mlik ko‘rsatkich bilan Qashqadaryo viloyati va 3408,4 ming so‘mlik ko‘rsatkich bilan Samarqand viloyati turibdi.

O‘rtacha hisoblaydigan bo‘lsak, viloyatlar kesimida O‘OIHning o‘sish foizi eng kam ko‘rsatkichi 13,2 foiz Namangan viloyatiga xos bo‘lib, eng katta o‘sish darajasi, tabiiyki, poytaxt Toshkent shahriga (+18,7 foiz) xos.

Albatta, bu o‘rinda ish haqi fondining “baquvvatligi” bilan birga, aholi soni ham muhim rol o‘ynaydi. Aytaylik, Toshkent shahrida va Navoiy viloyatida yaxshi maosh to‘laydigan korxonalar ko‘p. Navoiy viloyatida aholi siyrak, Namangan, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida esa aholi ko‘pligi bois, o‘rtacha qiymat ham past chiqishi normal holat deyish mumkin.

Statistik ma’lumotlarda, shuningdek, 2023 yil holatiga ko‘ra, iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha xodimlar sonining jamiga nisbatan ulushi ham ko‘rsatilgan. Ya’ni, korxona va tashkilotlarda (qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik sub’ektlarisiz) mehnat daftarchalari mavjud bo‘lgan, o‘rtacha oylik ish haqini hisoblashda hisobga olinganlar ulushi ham hisoblab chiqilgan. Jumladan, eng kam ulushni 12 foizni tashkil etuvchi sohalar tashish va saqlash 3,7 foiz, savdo 2,5 foiz, qurilish 2,3 foiz, moliya va sug‘urta 2,1 foiz, axborot va aloqa sohasi 1,4 foiz ekani o‘z aksini topgan. Eng “jozibador” sohalar ta’lim 37,7 foiz, sanoat 18,3 foiz va sog‘liqni saqlash 16,9 foiz sohalaridir.

2023 yil yanvar-dekabr oylarida iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng baland ko‘rsatkichi moliya va sug‘urta sohasiga to‘g‘ri keladi (13 mln. 323,2 ming so‘m). Shuningdek, axborot va aloqa sohasi 10 mln. 602,1 ming so‘mni, tashish va saqlash sohasi 6 mln. 936,7 ming so‘mni va sanoat sohasi 5 mln. 622,2 ming so‘mni tashkil etib, o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan. Shu bilan birga, ta’lim (3 mln. 123,0 ming so‘m) hamda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish (3 mln. 002,6 ming so‘m) sohalari esa boshqa sohalarga nisbatan eng past darajalarda ekaniga guvoh bo‘lish mumkin.

Sh. Mamaturopova, O‘zA