Poytaxt havosi “sariq” darajali ifloslanishni ko‘rsatmoqda

Atrof-muhitning ifloslanishi – berilgan muhit uchun xos bo‘lmagan, tashqaridan kirgan va salbiy oqibatlarga olib keladigan fizik, kimyoviy yoki biologik reagentlar tarkibining yuqoriligidir. Tashlanmalar va chiqarmalar mintaqaviy va global ko‘lamda atmosfera havosi, suv va tuproq ifloslanishining asosiy manbalari hisoblanadi.
Toshkent shahrida “O‘zgidromet” statsionar postlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari bo‘yicha “sariq” darajali ifloslanishni ko‘rsatmoqda.
Kuzatuv natijalariga ko‘ra, poytaxtda havoning mayda chang zarralari (RM 2,5) bilan ifloslanishi quyidagicha:
–Chilonzor tumani Xalqlar do‘stligi maydonida –15 mkg/m3;
– Yunusobod tumani “Bodomzor” yo‘lida –13 mkg/m3.
Ushbu hududlarda havodagi chang miqdori AQI – RM2,5 ko‘rsatkichi bo‘yicha havoning “o‘rtacha” darajadagi ifloslanish toifasiga kiradi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, katta shaharda PM2,5 havoda har doim bo‘ladi va inson har qanday holatda ham u bilan nafas oladi. Agar kundan-kunga inson organizmiga bu zarrachalar ko‘p miqdorda tushib, chiqishga ulgurmasa, ular organizmda to‘planadi. PM2,5 ning asosiy xavfi uning konsentratsiyasi keskin o‘zgarishida emas, balki bu zarrachalarning organizmga surunkali ta’sir etishidadir. PM2,5 bilan zaharlanish alomatlari yaqqol namoyon bo‘lmaydi. Shaharda istiqomat qiluvchi odam bir kunda o‘rtacha 200 milliard PM2,5 zarralarini yutadi. Ularning yarmi o‘pkada o‘tirib qoladi. Bir martalik bunday doza jiddiy oqibatlarga olib kelmaydi.
Biroq vaqt o‘tishi bilan organizmdagi PM2,5 miqdori kritik darajadan oshadi va bu respirator va yurak-qon tomir kasalliklarining o‘sishiga olib keladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA