Jazo yengillashtirilyaptimi yoki og‘irlashtirilyapti?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yaqinda bo‘lib o‘tgan majlisida migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasini takomillashtirish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi eng ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan edi. Mazkur qonun loyihasi bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O‘ktam Islomov quyidagilarni bayon qildi:
— Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasportini, identifikatsiyalovchi ID-kartasini va (yoki) xorijga chiqish uchun biometrik pasportini qasddan yaroqsizlantirishi yoxud uni ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo‘qotib qo‘yishi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning harakatlanish hujjatini va (yoki) identifikatsiyalovchi ID-kartasini (O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini) qasddan yaroqsizlantirishi yoxud uni ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo‘qotib qo‘yganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida jarima qo‘llash belgilanmoqda.
Tashabbuskorlarning fikricha, ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi bir qator jarimalar maqbullashtirilmoqda, ya’ni, liberallashtirilmoqda. To‘g‘ri, bir qarashda shunday tuyulishi mumkin. Biroq loyihani sinchiklab ko‘rish jarayonida ayrim normalar bo‘yicha e’tirozlar kelib chiqmoqda. Masalan, ushbu qonun loyihasida ma’muriy javobgarlik choralari aslida amaldagidan ko‘ra og‘irlashtirilayotgani yaqqol sezilib turibdi. 223-modda ikki qismga ajratilyapti. Birinchi qismda pasportni muddati o‘tgani yoki ma’lumotlari o‘zgargani sababli almashtirish masalasida BHMning bir baravari miqdoridagi jarima ko‘zda tutilmoqda. Amaldagi tartibda 0,5 dan 3 baravarigacha edi. Moddaning 2-qismida pasportni yo‘qotib qo‘ysa yoki qasddan shikast yetkazsa, BHMning 2 baravari deyilyapti. Amalda esa bu holatda ham 0,5-3 baravargacha edi.
Amaliyotdagi holatlar tahlil qilinganda, bu turdagi javobgarliklar uchun asosan BHMning 0,5 miqdorida jarima qo‘llanilgan. Endi esa yarim oklad bo‘lib turgan jarima 4 baravarga oshirilyapti. Bu noto‘g‘ri. O‘ylashimcha, amaldagi BHMning 0,5 baravari holatida qoldirish, agar takrorlansa, miqdorini oshirish lozim.
Muhokamalarda ikkinchi muhim masala ko‘tarildi. Xususan, deputatlar loyihada pasportni qasddan yaroqsizlantirganlik uchun javobgarlik belgilangani, lekin qasddan emas, ehtiyotsizlik oqibatidagi holatda fuqaroga qanday javobgarlik ko‘zda tutilgani bilan qiziqdi. Lekin qonun tashabbuskorlaridan asosli javob bo‘lmadi.
Shu sababli hamkasblarimiz qonun loyihasida qasddan va ehtiyotsizlik tufayli degan normalarni loyihada alohida-alohida qilishni taklif etdilar.
Aytish kerak, bugungi kunda fuqarolarimizning deyarli hammasi fuqarolik pasportlarini ID-kartaga almashtirib bo‘ldi. To‘g‘ri, ilgari yo‘qotilgan pasportlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish imkoni bor edi. Lekin hozirgi raqamli texnologiyalar rivojlangan davrda buning imkoni yo‘q.
Yana bir muhim masala. Qonun loyihasida ID-karta egasi uni yo‘qotganda yoki ehtiyotsizlik tufayli yaroqsiz holga kelganda ikki baravar jarima to‘lash belgilanyapti. Nega endi ID-kartani rasmiylashtirib olishda to‘lov to‘lagan fuqaro o‘z mulkini yo‘qotganda ham jarima to‘lashi kerak? Bu jazo kerakmi? Lekin qonun tashabbuskorlari jim. Shaxsan men ma’muriy jazoni olib tashlash tarafdoriman.
Qonun loyihasi keyingi o‘qishlarda qabul qilinishi yoki qabul qilinmasligini esa vaqt ko‘rsatadi.
Muhtarama Komilova yozib oldi. O‘zA