Shu kunlarda Xalqaro aralash jang san’atlari (IMMAF) federatsiyasi prezidenti Kerrit Braun boshchiligidagi sport delegatsiyasi mamlakatimizda mehmon bo‘lib turibdi.
Xalqaro sport tashkiloti vakillari tashrif davomida O‘zbekistonda aralash jang san’atlari bo‘yicha kelgusida o‘tkaziladigan jahon chempionati va uning tizimida bo‘ladigan tadbirlar uchun belgilangan sport majmualarini ko‘zdan kechirishmoqda.
Bugun IMMAF mutasaddilari Sport vazirligida o‘tkazilgan uchrashuvda ishtirok etishdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri A. Ikromov yurtimizda keyingi yillarda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar xususida so‘zlab, Xalqaro aralash jang san’atlari federatsiyasi bilan do‘stona aloqalar yangi bosqichga chiqqanligini bildirdi.
O‘z navbatida mehmonlar xalqaro maydonda, xususan yakkakurash sport turlari dunyosida O‘zbekistonning o‘z o‘rni borligini e’tirof etishdi.
Xalqaro aralash jang san’atlari federatsiyasi ijrochi direktori Densin Uayt, tashkilotning Osiyo qit’asi direktori Vissam Abi Nader va boshqa mutasaddilar qatnashgan uchrashuv yakunida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida ma’lum bir kelishuvlarga erishildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA