Ozarbayjon delegatsiyasi Yevropa kengashi parlament assambleyasi (YeKPA)dagi o‘zaro hamkorlik va ishtirokni to‘xtatdi. Delegatsiya tuzilmaning Strasburg shahrida o‘tgan yig‘ilishida shunday bayonot bilan chiqdi.

Hujjatda, dastavval Ozarbayjon mag‘rur, mustaqil, suveren, demokratik va turfa madaniyatli mamlakatligi, 1991 yil mustaqillikka erishilgandan buyon respublikada inson huquqi va qonun ustuvorligini ta’minlashda ulkan yutuqlarga erishilgani qayd etilgan.

– Assambleyaning asosiy maqsadi turli mamlakatlar parlamentariylari o‘rtasida o‘zaro hurmat va teng shart-sharoitga asoslangan muloqot uchun platforma yaratishdan iborat, – deyiladi bayonotda. – 2001 yil Yevropa kengashiga a’zo Ozarbayjon inson huquqi va qonun ustuvorligini himoya qilishga qaratilgan ushbu tashkilot mamlakatga yuz minglab ozarbayjonliklarning huquqini tiklashda yordam berishiga chin dildan umid qilgan va kutgan.

Yig‘ilishda Ozarbayjon hududiy yaxlitlik va suverenitetni tiklaganidan so‘ng respublikaning uzoq vaqtdan beri inkor etib kelinayotgan adolatni tiklash borasidagi yutuqlariga soya soladigan tuhmat kampaniyasiga duch kelgani aytilgan. Delegatsiya mamlakat, deyarli, 20 yil davomida YeKPAni ziddiyatli masalalarni muhokama qilish uchun mos format deb bilgani, ammo hozir tuzilma faoliyati, deputatlar qarashi buning aksini ko‘rsatib turganini ta’kidlagan.

– Ozarbayjon delegatsiyasining YeKPAdagi vakolatiga qarshi chiqish tashabbusi ushbu kampaniyaning bir qismi, – deyiladi AzerTAJ xabarida. – Bu tashabbus mamlakatda davom etayotgan saylov jarayoniga asossiz ravishda aralashishga qaratilgan urinish sifatida qaraladi.

Yakunda Ozarbayjon keyingi bildirishnomaga qadar assambleyadagi faoliyatini to‘xtatishga qaror qilgan.