Xitoy iqtisodiyoti turg‘unlik davriga kirmoqda, deb bayonot berdi iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, amerikalik Pol Krugman “The New York Times” nashri uchun yozgan maqolasida.

– Hozircha keng qamrovli inqiroz kuzatilayotgani yo‘q, albatta, biroq Xitoy turg‘unlik va ko‘ngilsizlik davriga yaqinlashmoqda, deb o‘ylashimizga asos bor, – dedi ekspert.

Krugman fikricha, ayrim tahlilchilarning pandemiya bilan bog‘liq cheklov bekor qilingach, XXR kuchayadi, degan xulosasi noto‘g‘ri. Aksincha, vaziyat teskari tomonga qarab bormoqda. Mamlakat iqtisodiyoti barcha jabhada kutilgan natijani bermagan. Faqat YAIM 5,2 foiz o‘sgani bundan mustasno.

Mutaxassis Xitoyda deflyatsiya kuzatilayotgani, yoshlar o‘rtasida ishsizlik ko‘rsatkichi yuqori darajada ekanini ham ta’kidlagan.

Kuni kecha “South China Morning Post” gazetasi tahlilchilar bergan ma’lumotga tayanib, XXR aholisi 2023 yil 2,08 millionga kamaygani, ayni holat yaqin yillarda ham davom etishini yozdi.