Markaziy bank vakillari 24-25 yanvar kunlari Londondagi YeTTB bosh ofisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari va O‘zbekiston xususiy sektori, xalqaro tashkilotlar hamda diplomatik korpus vakillari ishtirokida tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar va ijtimoiy sheriklik” xalqaro forumida ishtirok etdi.

Forumda xotin-qizlar tadbirkorligi, bandlik va gender tengligi masalalarini hal etish yuzasidan O‘zbekiston davlat organlari, biznes tuzilmalari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikning muvaffaqiyatli modellari taqdim qilindi.

Mazkur tadbir ayollar tadbirkorligi bilan bog‘liq muvaffaqiyatlar, ilg‘or tajribalar, muammolar va yechimlar, jumladan, moliyalashtirish imkoniyatlari va moliyaviy ta’lim dasturlaridan foydalanish bo‘yicha axborot va tajriba almashish imkonini berdi.

Ayollarning moliyaviy inklyuzivligi va moliya institutlarining sohadagi roli muhokamasiga bag‘ishlangan panel sessiyasida Ayollar moliyaviy ittifoqi direktori, “NatWest Group”ning biznesdagi ayollar direktori, YeTTBning Inklyuziv moliyaviy tizimlar gender va iqtisodiy inklyuziya guruhi boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Moliyaviy savodxonlik va ommaboplikni oshirish departamenti direktori ishtirokida global inklyuziv moliyaviy amaliyot va tadbirkor ayollarga sarmoya kiritish hamda ularning moliyaviy ta’limiga oid masalalarning asosiy jihatlari muhokama qilindi. Shuningdek, qulay institutsional muhitni yaratish va saqlash muhimligi alohida ta’kidlandi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA