Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida 86-bor tashkil etilgan “Tata Steel Chess-2024″ xalqaro turniri tarixga aylandi.
Dunyoning eng kuchli 14 nafar shaxmatchisi ishtirokida o‘tkazilgan “Masters” guruhidagi bahslarda hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov g‘oliblik uchun dona surdi.
Aytish lozim, 13 turdan iborat bahslarda Abdusattorov munosib o‘yin namoyish etdi. O‘tkazilgan turning 6 tasida g‘alaba, 5 tasida durang, 2 tasida imkoniyatni boy bergan iste’dodli shaxmatchimiz musobaqaning so‘nggi bellashuvlariga qadar g‘oliblikka asosiy da’vogarlardan biri ekanligini namoyish etdi.
Abdusattorov Niderlandiya musobaqalari davomida FIDE bayrog‘i ostida o‘ynagan Yan Nepomnyashiy va hindistonlik Santosh Gujrat Viditgagina imkoniyatni boy berdi O‘tkazilgan turlarda Anish Giri, Parxam Magsudlu, Jordan Van Forest, Maks Varmerdam, Szyuy Venszyun va 13-turda Germaniya vakili Aleksandr Donchenkoni mag‘lub etdi.
Turning qolgan o‘yinlarida Praggnanandhaa —Alireza Firuzja-0,5:0,5, Parxam Magsudlu — Dommaraju Gukesh-0:1, Vey —-1:0, Din Lijen — Szyuy Venszyun-0,5:0,5, Anish Giri — Varmerdam-1:0 va Yan Nepomnyashiy — Jordan Van Forest-0,5:0,5 hisoblari qayd etildi.
Ushbu ko‘rsatkichlar natijasida 8,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan Nodirbek Abdusattorov, hindistonlik Dommaraju Gukesh, niderlandiyalik Anish Giri va Xitoy vakili Yi Veyni tay-brek o‘yinlarida g‘olibni aniqlash maydoniga olib chiqdi.
Musobaqaning tay-brek o‘yinlariga tashlangan qur’aga ko‘ra, Abdusattorov-Vey va Gukesh-Giri final yo‘llanmasi uchun ro‘baro‘ kelishdi.
Musobaqaning 5 turida oq donalarda Abdusattorov xitoylik shaxmatchi bilan durang o‘ynagan edi. Bu safar ham tay-brekning ilk o‘yinida tomonlar murosa yo‘lini tanlashdi. Boshqacha aytganda, Xitoy vakili Veyni muqarrar mag‘lublikdan Nodirbekning kichik xatosi “qutqarib” qoldi. Doimiy shox holatiga ega bo‘lib olgan raqib durangga erishishga muvaffaq bo‘ldi. Ikkinchi partiya birinchi o‘yinni bir oz eslatib yuborgan bo‘lsa-da, Nodirbek yuz foizlik g‘alabani yana xatolik tufayli boy berib qo‘ydi. Umumiy hisob-kitobga ko‘ra, 1,5:0,5 hisobidagi ustunlik Yi Veyni “Tata Steel Chess-2024″ finaliga yo‘l olishini ta’minladi.
Ikkinchi juftlikdagi Anish Giri-Dommaraju Gukesh qarama-qarshiligidagi uchrashuvda hindistonlik shaxmatchi g‘alabaga erishdi.
Final o‘yinida Xitoy va Hindiston vakillari 1-partiyada tenglikka erishgan bo‘lsa, 2-partiyada Veyning oq donalarda harakatlanishi uning Niderlandiya musobqasida omadli ekanligini ko‘rsatdi.
“Tata Steel Chess-2024” finalida kechgan tay-brek bahslari sarhisobiga binoan xitoylik shaxmatchi 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, undan keyingi o‘rinlarni Dommaradju Gukesh, Anish Giri va Nodirbek Abdusattorov band etdi.
Veyk-an-Zeye musobaqalarining shiddatli o‘yinlarida erishgan natijalar tufayli Nodirbek Abdusattorov klassik shaxmatda o‘z hisobiga 17,3 reyting ochkosini jamg‘arishga erishdi. Bu, uni dunyoning TOP-15 ta eng kuchli shaxmatchilar qatoriga ko‘tarilishiga olib kelganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Musobaqalar yakuniga ko‘ra, keyingi 5-7-o‘rinlar 7,5 ochkoga ega Fransiya vakili Alireza Firudja, hindistonlik Santosh Gudjrat Vidit, Rameshbabu Pragnanandxaga, 8-o‘rin 6,5 ochkoli rossiyalik Yan Nepomnyaiyga, 9- o‘rin 6 ochko jamg‘argan klassik shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni xitoylik Din Lijenga, 10-13-o‘rinlar 4,5 ochkoli Xitoy vakili Szyuy Venszyun, germaniyalik Aleksandr Donchenko, niderlandiyalik Jorden Van Forest va eronlik Parxam Magsudluga va 14-o‘rin 4 ochkoni qo‘lga kiritgan Niderlandiya shaxmatchisi Maks Varmerdamga nasib etdi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA