“Anadolu” xabar berishicha, Turkiya Energetika va tabiiy manbalar vaziri Alparslon Bayroqdor Turkiya va Ozarbayjon hamkorligi Yevropa va mintaqada ta’minot xavfsizligini ta’minlashda muhim rol o‘ynashini aytdi. Uning fikricha, hamkorlik kelajakda o‘sishda davom etadi.
Bayroqdor Ozarbayjonda energetika vaziri Parviz Shahbozov bilan uchrashib, Ozarbayjonning elektr energiyasi va qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi so‘nggi yutuqlari tahsinga sazovor ekani, ushbu sohadagi aloqalar yanada institutsionallashgani, o‘tgan yil Naxichevanda to‘rtinchi Turkiya – Ozarbayjon Energetika forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilganini olqishlab, bu yilgi anjuman Turkiyada bo‘lib o‘tishini ta’kidladi.
Shahbozov, o‘z navbatida, Turkiya bilan, barcha sohalarda bo‘lgani kabi, energetika sohasida ham tizimli, foydali hamkorlik yo‘lga qo‘yilayotganini e’tirof etdi.
Turkiya bilan neft va tabiiy gaz, elektr va qayta tiklanadigan energiya manbalari kabi ko‘p qirrali kun tartibi muavjudligini qayd etgan Ozarbayjon vaziri energetika sohasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish uchun barcha sa’y-harakatlar amalga oshirilishini qo‘shimcha qildi.