Iqtisodiyot xavfsizligi va uning rivojida bojxona xizmatining o‘rni beqiyos. Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda bojxona ma’muriyatchiligini isloh etish, bojxona va yuk operatsiyalarini amalga oshirish jarayonlarini yanada soddalashtirish maqsadida raqamli texnologiyalardan foydalanish hamda bojxona organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jahon savdo tashkiloti, Jahon bojxona tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning standartlari va tavsiyalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish maqsadida bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, bojxona organlari nazorati faoliyatini yanada takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish, “qog‘ozsiz va elektron bojxona” tizimining mantiqiy davomi va rivoji bo‘lgan “raqamli bojxona” tizimini shakllantirishga qaratilgan muayyan ishlar bajarildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Mamlakat iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashda Bojxona xizmatining o‘rni” mavzusidagi davra suhbatida shular haqda so‘z bordi.

Qayd etilganidek, bojxona tizimidagi islohotlar natijasida bojxona rasmiylashtiruvi, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, masofaviy elektron deklaratsiyalash posti, “Call-markaz”, targetlash va xavflarni boshqarish bo‘limlari tashkil etildi. Axborot tizimi xorijiy davlatlar, mamlakatimiz vazirlik va idoralari, tashqi iqtisodiy faoliyat vakillari, aviakompaniyalar ma’lumotlari bilan integratsiya qilindi.

Deputatlar bugungi kunda bojxona xizmati mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini himoya qilishni ta’minlaydigan muhim davlat boshqaruv tizimlaridan biriga aylanganini ta’kidladi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar Qonunchilik palatasining katta majlislar zali, Parlament kutubxonasi bilan tanishdi.

 

M.Komilova, O‘zA