Fanlar akademiyasi Tarix instituti jamoasi tomonidan ikki yil davomida yaratilgan Jadidlar.uz platformasi test rejimida ish boshladi.

Bu platforma Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi buyurtmasiga ko‘ra, Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo boshchiligida 2021−2023 yillar mobaynida tayyorlandi. Loyihani yaratishga ikki yil uchun 1 mlrd so‘m grant mablag‘i ajratilgan.

Institut direktori o‘rinbosari Dilnoza Jamolovaning aytishicha, Jadidlar.uz platformasiga 250 ga yaqin jadid turmushi, faoliyati va merosiga oid ma’lumotlar, hujjatlar va asarlar kiritilgan.

Ma’lum qilinishicha, platformaga jadidlarga oid 174 ta asar, ularning 1000 dan ortiq maqolasi, 120 ga yaqin she’ri hamda 500 ga yaqin hikmatli so‘zlari kiritilgan. Bundan tashqari, jadidchilikni o‘rganuvchi manbalar sifatida 200 dan ortiq suratlar, 38 ta eshituv, 20 ga yaqin ko‘ruv va 73 ta arxiv yig‘ma jildlar ham platformadan o‘rin olgan. Jadidchilikka oid tadqiqotlar sifatida 95 ta asar, 223 ta maqola, 37 ta dissertatsiya va 9 ta xotira asar yuklangan.

Shu vaqtga qadar aholi 30 ga yaqin jadid haqida umumiy ma’lumotga ega bo‘lgan bo‘lsa, mazkur platforma orqali harakatning 250 ga yaqin a’zosi haqida batafsil ma’lumot olish mumkin.

Tarixni bilish – milliy o‘zlikni o‘yg‘otish, milliy ishonchni parvarishlash vositasi hisoblanadi. Jadid avlodlarimizning hayoti, faoliyatlari haqida batafsil bilish – yaqin o‘tmishdagi eng katta jinoyatlar, fojialarni bilish, mustaqilligimiz naqadar ulug‘ va qimmatli ne’mat ekanini anglatadi.

Bizni kuzatishda davom eting. O‘zingiz va yaqinlaringizni e’tiborsiz qoldirmang.

M.Turdaliyeva, N. Abduvoitov O‘zA