NATO keyingi o‘n yillikdagi eng yirik mashqni boshladi

NATOning “Steadfast Defender” nomli harbiy mashg‘uloti bir necha oyga cho‘ziladi.

Bugun Amerikaning “Gunston Hall” kemasi suzib ketishi NATOning “Steadfast Defender-2024” deb nomlangan so‘nggi o‘n yillikdagi eng yirik harbiy mashqi boshlanganini bildiradi, – dedi alyansning rasmiy vakili Dilan Uayt.

Atlantika va Yevropada bo‘lib o‘tishi kutilayotgan mashg‘ulotga 90 ming askar jalb qilinadi.

Pentagon Suriyadan qo‘shinni chiqarayotgani haqidagi xabarni rad etdi

Ommaviy axborot vositalarida paydo bo‘lgan “AQSH Suriyadan qo‘shinlarini olib chiqyapti”, degan xabar ishonchli asosga ega emas, deya bayonot berdi Pentagonninng yuqori lavozimli mulozimi “RIA Novosti”ga.

Kuni kecha “Al Monitor” nashri, keyin “Foreign Policy” jurnali “Vashington Suriya hududidan qo‘shinini olib chiqish masalasini ko‘rib chiqyapti” mazmunida xabar tarqatgan edi.

Qorabog‘ning sobiq yetakchisi Vardanyanning qamoq muddati uzaytirildi

Boku shahrining Sabail tumani sudi Qorabog‘ning arman yetakchilaridan biri Ruben Vardanyan qamoqda ushlab turilishini cho‘zish yuzasidan qaror chiqardi.

“RIA Novosti” yozishicha, sud qarorida “Ayirmachi Qorabog‘ rejimining sobiq “davlat vaziri” deb atalayotgan Ruben Vardanyanni turmada saqlash muddati yana 4 oyga uzaytirildi”, – deyilgan.

AQSH va ittifoqchilar Rossiyaga qarab qolmaslik uchun uran ishlab chiqarishni ko‘paytiradi

AQSH energetika vaziri Ketrin Xaff Yaponiyada chiqadigan “Iomiuri” gazetasiga bergan intervyusida Yaponiya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Kanada bilan birga uran yetkazib berish xalqaro tarmog‘i yaratiladi, degan. Bundan ko‘zlangan maqsad Rossiya xom-ashyosiga qaramlikdan xalos bo‘lish.

Turkiya Qora dengizda harbiy kemalarga nisbatan pozitsiyasini o‘zgartirmaydi

“Montre” konvensiyasiga amal qilinmoqda, dedi Turkiya Prezidenti ma’muriyati “RIA Novosti”ga.

Avvalroq Pentagon Turkiya hukumatining Qora dengizga harbiy kema kiritish qoidasiga o‘zgarish kiritilishiga erishmoqchi bo‘layotgani aytilgandi.

“Bizning pozitsiyamizda hech qanday o‘zgarish yo‘q. “Montre” konvensiyasiga amal qilinadi”, – degan manba Amerika tomonining Qora dengizda kema qatnovi masalasini muhokama qilish rejasiga izoh berar ekan.

GFR aprelgacha mudofaa rejasini taqdim etadi

Germaniya hukumati aprel oyigacha sovuq urush tamom bo‘lgandan keyingi davr uchun o‘zining  ilk mudofaa rejasini taqdim etadi. Hujjatda xavfsizlik kuchlari, tashkilotlar va sanoat amalga oshiradigan harakatlar bayon qilingan. Bu haqda “DPA” agentligi Bundesverning hududiy qo‘mondonligi boshlig‘i, general-leytenant Andre Bodemanga tayanib ma’lum qildi.

Tafsiloti sir tutilayotgan loyiha yuzlab sahifadan iborat bo‘lib, 26 yanvar kuni Berlinda bo‘lib o‘tadigan simpoziumda muhokama qilinadi.

Folker Tyurk Eronni o‘lim jazosiga moratoriy joriy qilishga chaqirdi

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk Eronda o‘lim jazosini qo‘llash holati keskin ko‘payganidan xavotir bildirdi va mamlakat hukumatini ushbu jazo turiga zudlik bilan moratoriy joriy qilishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, o‘lim insonning eng muhim huquqi hisoblangan yashash huquqiga ziddir. Bunday tajriba zudlik bilan to‘xtatilishi kerak.

Saidmurod Rahimov tayyorladi, O‘zA