Xitoy – sog‘liqni saqlash sohasida dunyoda yetakchilardan bo‘lgan, mazkur yo‘nalishda ulkan ilmiy va texnologik salohiyatga ega mamlakatlardan biri.

Ushbu davlat bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, qo‘shma loyihalar portfelini kengaytirish milliy tibbiyotimizni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab olish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish maqsadida ayni kunlarda sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari F.Tashpulatov boshchiligidagi soha mas’ullaridan iborat delegatsiya xizmat safari bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi.

Vazirlik matbuot xizmatining xabar berishicha, vakillarimiz dastlab Pekin shahrida “CITIC Constructions” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.

“CITIC Group” konglomeratining sho‘’ba kompaniyasi bo‘lgan “CITIC Constructions” jahonning ko‘plab mamlakatlarida sanoat va ijtimoiy infratuzilma loyihalari uchun boshqaruv, xarid va qurilish kabi xizmatlarni ko‘rsatib keladi.

Bugungi kunda mazkur korxona dunyoning eng yirik qurilish kompaniyalari 100 taligiga kiradi.

Muloqot chog‘ida “Tez tibbiy yordam xizmatining hududiy filiallari eski bino-inshootlarini rekonstruksiya qilish” loyihasi yuzasidan kelishuv imzolash va uni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Tashrif dasturiga muvofiq Xitoyning yana qator nufuzli kompaniyalari va moliya institutlari bilan tibbiyotning turli yo‘nalishlari bo‘yicha investitsiya, davlat-xususiy sheriklik va grant loyihalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

M.Qosimova, O‘zA