Shaxmat bo‘yicha Niderlandiyada o‘tkazilayotgan “Tata Steel Chess-2024” musobaqasining 10-turida niderlandiyalik Maks Varmerdamga qarshi qora donalarda harakatlangan Nodirbek Abdusattorov g‘alabaga erishdi.

64 katakli oq-qora yo‘laklarda kechgan Varmerdam-Abdusattorov bahsi olti soat davom etdi. O‘ziga xos murakkabliklardan iborat bo‘lgan o‘yining 71-yurishida niderlandiyalik shaxmatchi mag‘lub bo‘lganini tan oldi.

11-tur ostonasidagi mazkur muvaffaqiyat hamyurtimizning 6,5 ochko bilan turnirdagi yetakchiligini ta’minladi. Shuningdek, ushbu turda Germaniya sharafini himoya qilayotgan Alekasandr Donchenkoni qora donalarda mag‘lub etgan hindistonlik Dommaraju Gukesh ham ochkolari sonini 6,5 taga yetkazgan holda Nodirbekdan keyingi o‘rindan joy olib turibdi.

Turning qolgan o‘yinlarida Alireza Firuzja – Anish Giri-0,5:0,5, Yan Nepomnyashiy – Din Lijen- 1-0, Jordan Van Forest – Vey-0,5:0,5, Szyuy Venszyun – Parxam Magsudlu-0,5:0,5, Santosh Gujrat Vidit – Praggnanandhaa-0,5:0,5 natijalari qayd etildi.

Xalqaro musobaqa nizomiga muvofiq, bugun 25 yanvar ishtirokchilar uchun dam olish kuni etib belgilangan.

Ertaga, 26 yanvar kuni o‘tkaziladigan 11-tur bahsida Nodirbek Abdusattorov xitoylik Szyuy Venszyun bilan bahs olib boradi.

Turning qolgan juftliklarida Dommaraju Gukesh – Alireza Firuzja, Praggnanandhaa-Donchenko, Parxam Magsudlu- Santosh Gujrat Vidit, Vey- Varmerdam, Din Lijen- Jordan Van Forest, Anish Giri- Yan Nepomnyashiy kuch sinashadi.

Eslatib o‘tamiz, 28 yanvarga qadar davom etadigan “Tata Steel Chess-2024” turnirining so‘nggi 12-turida Nodirbek Abdusattorov qora donalarda hindistonlik Santosh Gujrat Viditga qarshi harakatlansa, 13-turda esa oq donalarda Aleksandr Donchenko to‘sig‘ini yengishga kirishadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA