Kadastr agentligi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari geodeziya va kartografiya, davlat kadastrini yuritish, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, davlat yerlarini ta’minlash, ularni o‘zboshimchalik bilan egallashning oldini olish, kadastr-geodeziya nazorati sohalari hisoblanadi.

–Bugungi kunda mamlakatimiz bo‘ylab yer nazorati bo‘yicha tadbirlar davom etmoqda, – deydi Kadastr agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Isatay Tleuov. – O‘tgan 2023 yilda boshqarmaning shahar va tuman bo‘limlari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslar 877,7 gektar yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallashi bo‘yicha 2 ming 716 ta holat aniqlandi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar va tushuntirish ishlari natijasida qonunga xilof ravishda olib qo‘yilgan 793,5 gektar yer maydoni hokimliklarning zaxira fondiga qaytarildi. 750 ta holatda noqonuniy egallangan 649,04 gektar yer maydonini majburiy qaytarib berish yuzasidan sudlarga da’vo arizalari kiritildi, 335 ta holatdagi 10,61 gektar bo‘yicha sud organlarida sud jarayoni davom etmoqda. Hozir 937 ta holatda aniqlangan 374,16 gektar yer maydonini zaxira fondiga qaytarish choralari ko‘rilmoqda. Yer qonunchiligi buzilishida jinoyat alomatlari bo‘lgani uchun 115 ta hujjat prokuratura organlariga yuborildi.

Boshqarma, uning shahar va tuman bo‘limlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari bilan 2 ming 819 nafar fuqaro va jismoniy shaxsga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanildi.

Yer bilan bog‘liq qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish, fuqarolarga o‘zboshimchalik bilan yer egallash noqonuniy ekanini tushuntirish maqsadida joylarda kelishilgan reja asosida sayyor qabullar, aholi bilan muntazam uchrashuvlar tashkil qilinmoqda.

Noqonuniy qurilmalarni o‘zboshimchalik bilan qurgan shaxslarni aniqlash imkoni bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 apreldagi “Davlat yer va kadastr nazoratini amalga oshirish tartibi hamda davlat geodeziya nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizomning 43-bandiga asosan, davlat yer va kadastr nazoratini amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan harakatlarning oldini olish yoki ularni to‘xtatish yoxud yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallagan shaxslarni aniqlash va ushlab keltirish bo‘yicha tezkor harakatlar ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Noqonuniy qurilma qurilganligi aniqlangandan so‘ng Kadastr agentligi organlari tomonidan mazkur qurilmani buzish (bartaraf etish) bo‘yicha 15 kunlik rasmiy ogohlantirish beriladi. Noqonuniy qurilma ixtiyoriy bartaraf etilmagan taqdirda mazkur qurilmani buzdirish maqsadida sudlarga da’vo ariza kiritiladi. Sudlar tomonidan 2 oy davomida ko‘rib chiqilgandan so‘ng qaror qabul qilinib, 1 oydan so‘ng qonuniy kuchga kirmoqda. Noqonuniy qurilma aniqlangandan so‘ng, majburiy buzdirish qarori kuchga kirgunga qadar 3-4 oy muddat o‘tib ketmoqda. Shuning oqibatida noqonuniy qurilmalar davom etib kelmoqda.

Ushbu salbiy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha sud organlari tomonidan da’vo arizani ko‘rib chiqib, qaror qabul qilish muddatini qisqartirish hamda qaror qabul qilgan kunning o‘zida noqonuniy qurilmani to‘xtatish bo‘yicha fuqaroga ogohlantirish berish hamda Ichki ishlar organlariga qurilishning davom ettirilmasligi bo‘yicha ma’lumot kiritish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Agentlik tasdiqlangan ish rejasiga asosan, yer qonunchiligi buzilishi holatlarining oldini olish, o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish borasidagi ishlar davom etadi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.