Bojxona xizmati xodimlari “Zakovat” intellektual o‘yinida
Ma’lumki, yurtimizda aksariyat soha vakillari o‘zlarining kasb bayramlariga ega. O‘zbekistonda qonun bilan belgilangan bu sanalar har yili kasb-kor egalari tomonidan ko‘tarinki ruhda nishonlanadi. Xususan, 26 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni. Ushbu sana munosabati bilan, bojxona xodimlari o‘rtasida “Bojxona qo‘mitasi raisining kubogi” musobaqalari doirasida “Zakovat” intellektual turniri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur turnirda Bojxona qo‘mitasining markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmalari, “Toshkent-Aero” IBK, Markaziy bojxona laboratoriyasi, Bojxona instituti, Milliy kinologiya markazi hamda “Bojxona-servis” davlat muassasasi xodimlari va kursantlaridan iborat 50 ta jamoa ishtirok etdi.

Bu turnirni o‘tkazishdan asosiy maqsad, “Zakovat” intellektual o‘yinini bojxona organlari xodimlari orasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish, ularning mantiqiy fikrlashlarini rivojlantirish, kursant va ofitserlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish, ularning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish hamda intellektual qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlashdir.

Tadbirni Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Otabek Choriyev ochib berdi va barcha ishtirokchilarga omad tiladi.
Bugungi kunda bojxona organlari tomonidan mamlakatimizning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash, bojxona va yuk operatsiyalarini raqamli transformatsiya qilish orqali inson omilini keskin qisqartirish, bojxona sohasini ochiqlik, shaffoflik hamda ishonchlilik tamoyillari asosida korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir. Davlatimiz tomonidan bojxona xodimlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, ijtimoiy himoyasi kuchaytirilmoqda.

Shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib turgan O‘zbekiston iftixori, boks bo‘yicha Jahon va Osiyo chempioni Shaxram G‘iyosov ishtirokchilarga o‘z video tabrigini yo‘lladi.
Bojxona xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual turniri qizg‘in va murosasiz bahslarga boy o‘tdi, g‘oliblar aniqlandi. O‘yinlar yakuniga ko‘ra, “Intellekt” jamoasi uchinchi, “Iftixor” jamoasi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa,“Smart bojxona” jamoasi esa turnirning mutlaq g‘olibi bo‘ldi.

Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov “Zakovat arenasi”ga tashrif buyurdi va musobaqa ishtirokchilarini samimiy tabriklab, sovrindorlarga kubok va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA