O‘zbekiston-Xitoy: savdo, madaniyat va turizm sohasida hamkorlik

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi doirasida mamlakatning Shinjon-uyg‘ur avtonom tumanining Urumchi shahrida savdo, madaniyat va turizm sohasida hamkorlik va almashinuv bo‘yicha birinchi O‘zbekiston konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, o‘tgan 2023 yilning noyabr oyida Urumchi shahrining “Xunguan” bog‘ida Turizm qo‘mitasi va O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston pavilioni – “Registon” maydoni foydalanishga topshirilgan edi. “Savdo, madaniyat va turizm sohasida hamkorlik va almashinuv bo‘yicha birinchi O‘zbekiston konferensiyasi” aynan mazkur hududda O‘zbekiston uchun ajratilgan 10 ming kv.metrdan ortiq maydonda qad rostlagan “Registon” maydonida o‘tkazildi.

Tadbirda Turizm qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari D.Abdusalomov, Toshkent viloyati hokimi Z.Mirzayev va Samarqand shahar hokimi F.Umarov, Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumani savdo boshqarmasi boshlig‘i Liu Boa, Tyanszyan savdo byurosi direktori Li Chjiang, Shinjon-Tyanszin savdo palatasi prezidenti Ling Cheng va boshqa rasmiylar ishtirok etdi.
Konferensiyaga mamlakatimizning barcha hududidan tadbirkorlar va turistik kompaniya vakillari tashrif buyurdi. Tadbirda O‘zbekistonning boy madaniyati, turizm va investitsion salohiyati, shuningdek, so‘nggi yillarda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida savdo, iqtisodiy, turizm va boshqa yo‘nalishlarda ikki tomonlama aloqalar mustahkamlanib bormoqda. Ushbu uchrashuvlardan asosiy maqsad ikki tomon tadbirkorlik sub’ektlarini tanishtirish hamda mamlakatimizga Xitoydan sayyohlar oqimini oshirish ko‘zda tutilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA