Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida davom etayotgan “Tata Steel Chess-2024″ xalqaro turnirining “Masters” guruhida ortda qolgan 9-tur o‘tgan musobaqalarning eng qiziqarlisi bo‘ldi, deyish mumkin.

O‘tkazilgan bahslarning beshtasida g‘alaba, ikkitasida durang holati qayd etildi.

Hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorovning 8-turda Nepomnyashiy bilan kechgan o‘yindagi “qora bulutli” vaziyat 9-turda niderlandiyalik Jordan Van Forestga qarshi bahsda tarqab ketdi. Oq donalarda harakatlangan Nodirbek ilk yurishlardayoq raqibini murakkab holatga keltirishga muvaffaq bo‘ldi. Hamyurtimizning shiddatidan Van Forestni “o‘z uyida” devorlar ham so‘yay olmadi. 24-yurishda Abdusattorovning g‘alabasi tan olindi.

9-turning qolgan bahslaridagi Donchenko – Alireza 0,5:0,5, Dommaradju Gukesh – Santosh Gujrat Vidit 0,5:0,5, Praggnanandhaa – Szyuy Venszyun 1:0, Parxam Magsudlu – Maks Varmerdam 0,5:0,5, Vey – Yan Nepomnyashiy 0,5:0,5, Din Lijen – Anish Giri 0,5:0,5 ko‘rinishida yakunlandi.

“Tata Steel Chess-2024″ning 10-tur o‘yinlari oldidan 5,5 ochkoga ega Nodirbek Abdusattorov koeffitsiyent hisobiga peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, undan keyingi o‘rinlarda borayotgan hindistonlik Dommaradju Gukesh, Praggnanandhaa va niderlandiyalik Anish Giri hisobida ham 5,5 ochko mavjud. Keyingi pog‘onalarni egallab turgan xitoylik Vey, hindistonlik Santosh Gujrat Vidit hamda Fransiya vakili Alireza Firuzdja 5 ochko jamg‘argan.

Bugun, 24 yanvar kuni xalqaro turnirning 10-turida Nodirbek Abdusattorov qora donalarda niderlandiyalik Maks Varmerdam bilan kuch sinashadi.

Turning qolgan o‘yinlarida Alireza Firuzdja – Anish Giri, Yan Nepomnyashiy – Din Lijen, Jordan Van Forest – Vey, Szyuy Venszyun – Parxam Magsudlu, Santosh Gujrat Vidit – Praggnanandhaa, Donchenko – Gukesh ro‘baro‘ keladi.

Eslatib o‘tamiz, 13 turdan iborat “Tata Steel Chess-2024″ musobaqalari 28 yanvarga qadar davom etadi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA