O‘zbekiston Bosh prokurori Qatar huquqiy idoralari rahbarlari bilan uchrashdi

O‘zbekiston delegatsiyasining Qatarga tashrifi doirasida O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Qatar Adliya vaziri Ibrohim bin Ali Al Xassan Al Muhannadi bilan uchrashdi.
Tashkilot rahbari delegatsiya a’zolarini Qatar adliya tizimi bilan tanishtirdi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni hamkasblariga O‘zbekiston Respublikasi sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, delegatsiya Qatar Qonunchilik va sud-huquq tadqiqot markazi rahbari Saleh Ali Al-Fadala bilan uchrashdi.

Tadbir davomida Markaz rahbari ishtirokchilarni tashkilot faoliyati bilan tanishtirdi.
Shu bilan birga, tomonlar O‘zbekiston Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Qatar qonunchilik va sud-huquq tadqiqot markazi o‘rtasida Memorandum imzolash masalalarini muhokama qildi.
Xususan, uchrashuv ishtirokchilari ushbu hujjat huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining kasbiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Bundan tashqari, tashrif dasturiga ko‘ra, o‘zbek delegatsiyasining Qatar Davlat ichki ishlar vaziri Shayx Abdulaziz bin Feysal bin Mohammed Al Tani bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirda tomonlar jamoat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, terrorizm, kiberjinoyatchilik va transmilliy uyushgan jinoyatchilikning boshqa turlariga qarshi kurashish sohalarida tajriba almashdi.
Tadbirlar yakunida ishtirokchilar bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar transmilliy uyushgan jinoyatchilikning oldini olishda birgalikda ish olib borish va huquqiy sohada idoralararo aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
N.Abduraimova, O‘zA