Xitoy iqtisodiyotining jadal rivojlanish sabablari nimada? (+video)

Siyosiy fanlar doktori, sharqshunos Otabek To‘laganov Xitoyning Pekin shahrida o‘qib, 10 yil yashab xalqaro munosabatlar sohasida tajriba orttirib qaytdi. Hozirgi kunda u O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida faoliyat olib boryapti.
Otabek To‘laganov Xitoy iqtisodiyotini jadal rivojlanish sabablari xususida so‘zlab berdi:
– Xitoy butun dunyo ko‘z o‘ngida, shu jumladan mening ko‘z o‘ngimda tubdan va tom ma’noda o‘zgarib kelmoqda. Xitoyda ta’lim olganim tufayli hayotimning 10 yilini ushbu mamlakatda o‘tkazishga va uning iqtisodiyoti, Xitoy jamiyatining jadal rivojlanishiga shaxsan guvoh bo‘lish imkoniga ega bo‘ldim.
Xitoyning ko‘plab viloyatlari, shaharlari va qishloqlarida bo‘lib, u yerdagi odamlarning yashash tarzini, intilishlarini kuzatdim. Xitoyning iqtisodiy mo‘’jizasiga ko‘p jihatdan mashaqqatli mehnat, shuningdek, sifatli ta’lim tufayli erishilganiga guvoh bo‘ldim.
Yangi O‘zbekiston uchun hozirgi davrda taraqqiyotning muhim sharti bo‘lmish yuqori malakali kadrlar tayyorlash zarur. Shuning uchun xalqaro iqtisodiyot va savdo, biznes boshqaruvi, elektron tijorat, qurilish muhandisligi, xitoyshunoslik, xitoy filologiyasi, ketma-ket va sinxron tarjima kabi sohalarda ta’lim olishga e’tibor qaratish kerak, deb bilaman.
2023 yil dekabr oyida Xitoy universitetlarining Toshkentdagi ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, unda Xitoyning 40 dan ortiq universitetlari ishtirok etdi. Ushbu ko‘rgazmada asosan tabiiy va texnika fanlari universitetlari namoyish etildi.
Shu kunlarda Pekinda O‘zbekiston – Xitoy ta’lim forumi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu forum ikki davlat o‘rtasidagi oliy ta’lim va ilmiy aloqalarni jadal rivojlantirishga bag‘ishlangan.
O‘zbekiston Xitoy bilan bo‘lgan strategik aloqalarni qadrlaydi, Xitoyga doimo ishonchli hamkor, uning yaxshi qo‘shnisi, ishonchli do‘st sifatida qarab kelgan.
Xitoy ommaviy axborot vositalarida ekspertlar Xitoy – O‘zbekiston munosabatlari yuksak darajada ekanini, O‘zbekiston Prezidentining tashrifi ikki davlat munosabatlarining “oltin davri”ga to‘g‘ri kelishini ta’kidlamoqdalar.
O‘ylaymanki, ushbu tashrif alohida ahamiyatga ega bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va keng ko‘lamli amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
N.Rahmonova, A. Sodiqov (video), O‘zA.