23 yanvar – O‘zbekiston va Misr o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilgan kun

Dunyoning yetti mo‘’jizasidan biri – ehromlar makoni bo‘lmish Misr insoniyat sivilizatsiyasi markazi sifatida bugun ham ulkan salohiyatga, mavqega ega. O‘zaro iliq, do‘stona munosabat qadim tarixga borib taqaladigan O‘zbekiston va Misr bir-birini mustaqil va xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida tan olgan. Misr Afrika qit’asidagi eng yirik siyosiy-iqtisodiy hamkorimiz hisoblanadi. O‘zbekiston ham Misr uchun Markaziy Osiyo mintaqasidagi kuchli strategik sherik. Ikki davlatni tarixiy-madaniy mushtaraklik, an’anaviy do‘stlik, yaqin hamkorlik birlashtirib turadi.
Misr Arab Respublikasi mustaqilligimizni 1991 yil 26 dekabrda e’tirof etgan. Diplomatik munosabat 1992 yil 23 yanvarda o‘rnatilgan. 1993 yil mayda Toshkentda Misr elchixonasi ochildi. O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi 1994 yil dekabr oyidan faoliyat yurita boshladi.
O‘tgan davr mobaynida mamlakatlarimiz bir-biri manfaatini hisobga olish va hurmat qilish tamoyiliga asoslangan samarali sheriklikni izchil rivojlantirib kelmoqda. Bunday munosabatga xalqlarimizning tarixiy va ma’naviy yaqinligi, o‘zaro aloqalarning 60 ga yaqin hujjatdan iborat mustahkam shartnomaviy-huquqiy bazasi asosdir.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Prezidenti Abdulfattoh As-Sisining 2018 yil 4-5 sentyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan tarixiy ahamiyatga ega oliy darajadagi muzokaralari o‘zaro munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘rnatilgan samimiy va ishonchli siyosiy muloqot turli shakldagi tadbirlar doirasida izchil qo‘llab-quvvatlanyapti. Ular 2022 yil fevral oyida Pekin shahrida Qishki Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi doirasida ham uchrashgan.
Davlatimiz rahbari Abdulfattoh as-Sisi taklifiga binoan, 2023 yil 20-21 fevral kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
Muzokaralar chog‘ida yetakchilar ikki tomonlama munosabat izchil rivojlanib borayotgani, keng siyosiy muloqot faollashgani, BMT, IHT, SHHT va Qo‘shilmaslik harakati kabi xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro ko‘maklashilayotgani, parlamentlararo aloqa jadallashganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Tomonlar korrupsiyaga, xavfsizlik sohasidagi zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashishda tajriba almashishdan, Afg‘onistonni barqarorlashtirish va qayta tiklash bo‘yicha xalqaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Prezidentlar davlatimiz rahbarining tashrifi arafasida o‘tgan O‘zbekiston – Misr ishbilarmonlik tadbirlari yakunini yuksak baholadilar.
O‘zaro investitsiya jalb qilish uchun qulay sharoit yaratishga kelishib olindi. Ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatga egaligidan kelib chiqib, besh aniq yo‘nalish – gaz-kimyo, to‘qimachilik, elektrotexnika, zargarlik va farmatsevtika tarmoqlarida hamkorlik qilish choralari belgilab olindi.
Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yuqori rentabelli qo‘shma ishlab chiqarish tashkil etish maqsadida O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatidan foydalanish taklif qilindi.
Energetika sohasida qo‘shma loyihalar amalga oshirish, shuningdek O‘zbekiston va Misrni bog‘lab turgan transport yo‘laklarini kengaytirish choralari ham muhokama qilindi.
Madaniy-gumanitar va diniy aloqalarni rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Arab tili mutaxassislari tayyorlash bo‘yicha hamkorlik yuzasidan kelishuvga erishildi. O‘zbekiston Prezidenti 2024 yil Arabshunoslik global forumini birgalikda tashkil etish tashabbusini ilgari surgan.
So‘nggi yillarda parlamentlar, vazirlik, idoralar, ishbilarmon doiralar hamkorligi sezilarli darajada faollashgan. O‘zbekiston va Misr parlamentlarida do‘stlik guruhlari faoliyat olib boryapti, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida muntazam siyosiy maslahatlashuv mexanizmi yaratilgan. O‘zbekiston-Misr qo‘shma komissiyasi va O‘zbekiston-Misr ishbilarmonlar kengashi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni amalga oshirib kelyapti.
O‘zbekiston va Misr BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi, SHHT kabi xalqaro tuzilmalar doirasida o‘rnatilgan samarali munosabat doirasida bir-biri tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlaydi. Ko‘pgina xalqaro masalalar bo‘yicha mamlakatlarning qarashi, yondashuvi o‘xshash yoki yaqin.
Bugungi kunda O‘zbekistonda bo‘lgani kabi, Misrda ham keng ko‘lamli demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilayotgani, ayni jarayon barqaror va tinch taraqqiyotga, farovonlikni yuksaltirishga intilayotgan mamlakatlarni birlashtiruvchi omil bo‘layotganini ta’kidlash lozim.
Shu nuqtai nazardan ko‘p qirrali O‘zbekiston-Misr munosabatlarini rivojlantirishda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik alohida o‘rin tutadi. Ikki davlat ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish uchun salmoqli salohiyatga ega hamda ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanishdan manfaatdor. So‘nggi yillarda ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida muntazam o‘tkazib kelinayotgan biznes-forumlar, tadbirkorlar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari, o‘zsib borayotgan tovar ayirboshlash ko‘rsatkichi ham shundan dalolat.
Bugungi kunda mamlakatimizda Misr kapitali ishtirokida qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, farmatsevtika va boshqa sohalarda korxonalar tashkil etilib, muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Yurtimizda yaratilgan qulay muhit sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Masalan, Toshkent viloyatidagi “Bo‘stonliq-farm” erkin iqtisodiy zonasida “Solyphar” kompaniyasi bilan birga farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi zavod qurish loyihasi amalga oshirilyapti. Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida “One World Pharma” va “Kapo Agri” bilan xamkorlikda “C” gepatitiga qarshi va baliqchilik sohasi uchun dori vositalari ishlab chiqarishni tashkil etish ishlari olib borilyapti. “Orascom Telecommunications and Construction”, “Al Madani Construction”, “One World”, “Toshiba-Al-Arabi”, “Al Suwaidi Electrics” kabi yirik kompaniyalari O‘zbekiston bilan sheriklikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini bildirgan.
Savdo sohasidagi imkoniyatlar doirasi ham juda keng. O‘zbekiston Misr bozoriga talab yuqori bo‘lgan elektrotexnika, mashinasozlik, metallurgiya, kimyo va neft-kimyo, yengil sanoat, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilishi mumkin. Misr esa mamlakatimizga dori-darmon, tibbiy asbob-uskuna, mebel, marmar, neft-kimyo va charm-plastmassa mahsulotlari yetkazib berish, turli xizmatlar ko‘rsatish imkoniga ega.
Misr turizm sohasida ulkan salohiyat va tajribaga ega. O‘zbekiston ham qadimiy shaharlari, mo‘’tabar qadamjolari bilan dunyoga mashhur. 2018 yil sentyabr oyida imzolangan turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim ushbuyo‘nalishdagi munosabatlarni izchil rivojlantirishga yangi sur’at bag‘ishladi. Ayni payt Misr bunday munosabatni yanada faollashtirish tarafdori.
Misrlik turoperatorlar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro sayyohlik yarmarkalarining an’anaviy ishtirokchisi hisoblanadi. Xususan, 2019 yil fevral oyida Buxoroda bo‘lib o‘tgan Ziyorat turizmi bo‘yicha birinchi xalqaro forum, Samarqand shahrida 2022 yil noyabr oyida o‘tkazilgan Ziyorat turizmi haftaligi va 2023 yil 16-20 oktyabrda bo‘lib o‘tgan Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining tarixiy 25-йиғилishiда Misrdan yuqori darajadagi vakillar ishtirok etganini alohida ta’kidlash joiz.
Mamlakatlarimiz hamkorligida diniy-ma’rifiy rishtalar alohida o‘rin tutadi. O‘zbekiston va Misr bag‘rikenglik tamoyilini, muqaddas islom dinining ma’rifiy qadriyatlarini targ‘ib qilish, insonparvarlik mohiyatini asrab-avaylab, diniy-ma’naviy merosni tadqiq etish, turli tahdid va xavflarga qarshi birgalikda kurashish tarafdori.
Bu borada davlatlarimiz keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Misr islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Mahmud Zamahshariyning bebaho ilmiy merosini o‘rganish muhimligini e’tirof etadi.
O‘rta asrlarda Nil daryosidagi suvning hajmi va oqimi tezligini o‘lchaydigan “Miqyosi Nil” qurilmasini ixtiro qilgan buyuk olim, mutafakkir Ahmad Farg‘oniy Misrda alohida e’zozlanadi. E’tiborli jihati, ushbu inshootdan bugungi kunda ham foydalanilyapti. Buyuk bobomiz o‘z kashfiyoti bilan nafaqat jahon ilm-fani rivojiga, balki O‘zbekiston va Misr xalqlari o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlikni mustahkamlashga ham ulkan hissa qo‘shgan.
Kohira markazida misrliklar minnatdorligi timsoliga aylangan Ahmad Farg‘oniyning muhtasham haykali qad rostlagan.
Misr O‘zbekistonda Xalqaro islom akademiyasi, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilganini olqishladi. Tarkibida islomshunoslik akademiyasi, universitet, institutlar, jome masjidi va ilmiy markazlar jamlagan, dunyodagi eng nufuzli diniy markazlardan biri bo‘lgan “Al-Azhar” majmuasi bilan imzolangan hamkorlik memorandumlari din arboblari, olimlar, tajribali o‘qituvchilar va iqtidorli talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini ochib berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik”, “Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va barqaror taraqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” kabi maxsus rezolyutsiyalarga Misr hammualliflik qilgan, ushbu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlagan.
Madaniyat, fan, ta’lim va san’at sohalarida faol almashinuv amalga oshirilyapti. Ikki mamlakatning ijodiy jamoalari, sportchilari, mutaxassislari O‘zbekiston va Misrda o‘tkazilayotgan turli yirik xalqaro tadbirlar – festivallar, yarmarkalar, taqdimotlar, ko‘rik-tanlov va anjumanlardamuntazam ishtirok etadi.
Hamkorlik yillarida O‘zbekistondan minglab mutaxassis Misr taraqqiyot agentligi tomonidan tashkil etilgan diplomatiya, xavfsizlik, biznes, bank ishi, transport, tibbiyot, arab tili kabi turli yo‘nalishlar bo‘yicha malaka oshirdi.
Muharrama Pirmatova tayyorladi.
O‘zA