O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida AKT akademiyalari soni oshiriladi

Bugungi kunda O‘zbekiston jahonning bir qancha rivojlangan mamlakatlari bilan nafaqat iqtisodiy, balki ta’lim sohasida hamkorlik qilib kelmoqda.
Masalan, O‘zbekistonda Xitoyning “Huawei“ kompaniyasi idorasi 1999 yilda ochilgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu kompaniyaning 170 dan ortiq mamlakat va mintaqalarda ofislari mavjud.
Mazkur tashkilot dunyoda axborot-kommunikatsiya infratuzilmasi yechimlari va intellektual qurilmalarni yetkazib beruvchi bo‘lib hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim vaziri birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov “Huawei“ kompaniyasining Pekin shahridagi bosh ofisi va ko‘rgazma markaziga tashrif buyurib, ”Huawei Uzbekistan“ kompaniyasi bosh direktori Chen Szyakay bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ta’lim sohasini raqamlashtirishning ahamiyati va O‘zbekistonda AKT sohasi uchun kadrlar tayyorlashni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotida.
Muzokaralar natijasida O‘zbekiston oliygohlarida AKT akademiyalarini tashkil etish, mavjudlarini rivojlantirish bugungi zamon talabi ekani qayd etildi. Mazkur akademiya orqali sohaga qiziquvchi iqtidorli yoshlarni o‘qitish va ularga sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar, «5G“, ”Big data“, ”Cloud computing“ va shu kabi axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida xalqaro miqyosda tan olinadigan sertifikatlar berish ko‘zda tutiladi.
Qayd etish lozimki, bugungi kunda yurtimiz oliy ta’lim muassasalarida 8 ta shunday akademiya faoliyat yuritmoqda, 2024 yil davomida ularning sonini 15 taga yetkazish orqali kamida 300 ta talabani o‘qitish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, AKT sohasidagi professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish ham dolzarb masalalardan bo‘lib, joriy yilda kamida 15 ta akademiya murabbiylarini tayyorlash rejalashtirildi. OTMning AKT sohasiga mas’ul rahbarlar uchun (“Chief Digital officer”) esa trening dasturlarini tashkil qilish orqali sohadagi eng ilg‘or texnologiyalar va yechimlar bilan tanishtirish imkoniyati yaratiladi.
Kompaniya tomonidan o‘tkaziladigan AKT “Competition“ tanlovida o‘zbekistonlik talabalar ishtirokini ta’minlashga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik yoshlar ishtirokida har yili bo‘lib o‘tadigan “Seeds for Future” dasturini tashkil etishga kelishildi. Ushbu dastur orqali talabalar uchun kompaniyaning bosh ofis va filiallarida, ishlab chiqarish komplekslarida stajirovka o‘tashlari mumkin bo‘ladi.
Uchrashuv so‘ngida yuqoridagi kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha Anglashuv memorandumi imzolandi.
M.Madaminova, O‘zA