O‘simliklar karantini va himoyasi tizimi o‘zgaradimi? (+video)

Joriy yil boshida Prezidentimiz raisligida 2024 yilda investitsiya, eksport va xalqaro hamkorlik sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektr yig‘ilishda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda hokimlarning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari mahsulotlar eksportini tashkil qilish bo‘yicha hamkorlik yo‘qligi uchun tanqid qilindi. Shu bilan birga endilikda agentlik nafaqat fitosanitar ruxsat olish, balki qishloq xo‘jaligi eksportini tashkillashtirish uchun ham mas’ul bo‘lishi va buning uchun karantin tizimi, ish uslubi va yondashuvlar to‘liq o‘zgarishi belgilandi.
Albatta, ushbu vazifalar ijrosi uchun bugun sohada tizimli islohatlar va o‘zgarishlar zarur. Bu o‘zgarishlar aynan qaysi yo‘nalishlarda olib boriladi va qanday chora-tadbirlar ishlab chiqiladi? Mazkur dolzarb mavzularga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi rahbariyati bugungi kunda respublikamiz hududining fitosanitar xavfsizligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar, rejalar va sohaga oid qabul qilingan huquqiy hujjatlar bilan jurnalistlarni yaqindan tanishtirdi.
– Muxtaram Prezidentimizning videoselektr yig‘ishlarida sohalarda olib borilayotgan jarayonlardagi va xorijda olinayotgan fitosanitar sertifikatlarga to‘xtalib o‘tdilar, -deydi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bo‘lim bosh yurist-konsulti Zafar Djumanov. – Bir nechta davlatlarda olingan fitosanitar sertifikatlar bozorlar ochilganligiga qaramasdan eksport hajmini yaxshi bo‘lmayotgani yoki o‘sha davlatlarga, o‘sha turdagi mahsulotlar eksport bo‘lmayotgani haqida tanqidiy fikr bildirdilar. Bundan keyin O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga yana vazifa yuklab berildi. Meva-sabzavot mahsulotlarini, umuman qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportini oshirish va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha…
Tadbir so‘ngidagi qizg‘in baxs-munozaralarda va savol-javoblarda davlatimiz rahbarining belgilab bergan vazifalari ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, yechimini kutayotgan muammoli masalalar bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan mutasaddilar tomonidan batafsil ma’lumot berildi.
Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov O‘zA