O‘zbekiston Ombudsmani: Rossiyadagi migrantlar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha murojaat yuborildi

287

Ommaviy axborot vositalarida “Rossiyada politsiya migrantlarni o‘rdaksimon yurishga majburladi” sarlavhasi ostida xabarlar e’lon qilindi.

“Russkaya Obina Yekaterinburg” telegram kanalida huquq-tartibot idoralari xodimlari Rossiya migratsiya qonunchiligiga amal qilinishi bo‘yicha reyd o‘tkazganini ma’lum qilgan.

Qayd etish lozimki, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) 2023 yilda Rossiyaga tashrifi davomida o‘sha yerda yashaydigan yurtdoshlarimiz bilan uchrashib, ularning yashash sharoitlari va muammolarini o‘rgangan edi.

Hamyurtlarimiz fikrlari asosida O‘zbekiston va Rossiya Ombudsmanlari o‘rtasidagi hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, murojaatlarni birgalikda ko‘rib chiqish, jumladan, Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat qilayotgan hamyurtlarimiz huquqlarini ta’minlash bo‘yicha ishlanmoqda.

Bundan avval ham O‘zbekiston Ombudsmani F.Eshmatova murojaatiga asosan Krasnodarda migrantlarga nisbatan o‘tkazilgan reydlar bo‘yicha o‘rganishlar olib borilib, ma’lumot taqdim etilgan. Rossiya Ombudsmani migrantlar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha monitoringlar o‘tkazayotganini va holat nazoratga olinganini ma’lum qilgan edi.

O‘zbekiston Ombudsmani “Russkaya Obina Yekaterinburg” telegram kanalida e’lon qilingan holat bo‘yicha ham Rossiya Federatsiyasi Ombudsmaniga murojaat qilib, Rossiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining mehnat huquqlari ta’minlanishida ko‘mak so‘radi.

N.Abduraimova, O‘zA