Vashingtonda Abu Rayhon Beruniyning haykali o‘rnatildi

235

O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi binosi oldida buyuk olim va mutafakkir Abu Rayhon Beruniy byustining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda mehmonlar Abu Rayhon Beruniyning hayoti va faoliyati, bebaho ilmiy merosi, dunyo tamaddunidagi o‘rni bilan tanishdi. Yodgorlikning ochilishi nafaqat o‘zbek olimini ulug‘lash, balki O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida mustahkamlanib borayotgan hamkorlik ramzi ekanligi ham qayd etildi.

Tadbirda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati Ilmiy kengashi a’zosi Frederik Starr buyuk mutafakkirning dunyo tamadduniga qo‘shgan hissasi to‘g‘risida ma’ruza qildi.

U Xristofor Kolumb Amerikani  kashf etishdan 500 yil avval aynan Abu Rayhon Beruniy okean ortida qit’a borligi haqidagi farazni ilgari surgani haqida so‘zlab berdi.

Tadbir ishtirokchilari ushbu byust nafaqat O‘zbekistonning buyuk o‘tmishi, balki yorqin kelajagi ramzi bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini qayd etdi:

– “Vashingtondagi  boshqa mamlakatlarning elchixonalaridan farqli o‘laroq, O‘zbekiston elchixonasi oldida siyosatchi yoki harbiy qo‘mondonning emas, olimning byusti o‘rnatilgan. Bu o‘ziga xos ramziy ma’noga ega bo‘lib,  mamlakatning ko‘p asrlik  madaniyati, oqilona siyosati va albatta o‘zbek xalqining dunyo ilm-faniga qo‘shgan ulkan hissasini aks ettiradi”.

 Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA