Xitoylik tadbirkorlar o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari sifatini yuqori baholadi

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida to‘qimachilik sohasida keng qamrovli hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lib, bugungi kunda bunday aloqalar yangicha yondashuvlar asosida davom ettirilmoqda.
2022 yil natijalariga ko‘ra, 248,7 million dollarlik o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari Xitoyga eksport qilingan. O‘zbekistonda xitoylik kompaniyalar investitsiyalari ishtirokida 26 yirik loyiha amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, Xitoyda o‘zbek korxonalarining 3 ta savdo uyi faoliyat yuritadi. 2023 yilda Xitoyga 4 marotaba tashrif amalga oshirildi va 167 million dollarlik investitsiya loyihalari va 200 million dollarlik eksport shartnomalari tuzildi.
Prezidentimizning davlat tashrifi doirasida Xitoyda “Made in Uzbekistan” brendi ostida mintaqalararo ko‘rgazma tashkil etildi. Ko‘rgazmada 20 dan ortiq yurtimiz korxonalari yuqori sifatli ip-kalavadan tortib, tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘qimachilik mahsulotlarini taqdim etdi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi axborot xizmatiga ko‘ra, ushbu ko‘rgazmada xitoylik tadbirkorlar o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari sifatini yuqori baholadi. Ular ushbu sohada o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Muhimi, ushbu ko‘rgazma Xitoy bilan hamkorlikning yangi istiqbollarini ochib berishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA