Mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ta’minlanadi

284

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar bilan insonparvarlik tamoyili asosida munosabatda bo‘lish, ularning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishini ta’minlashga oid normalar kiritilmoqda.

Shuningdek, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat qilish tartibi joriy etilyapti.

Bundan tashqari, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etib ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlarning saylov va referendumlarda ishtirok etish huquqi belgilanmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugungi majlisida mazkur tartiblarni o‘z ichiga olgan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, yurtimizda mahkumlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning huquq va erkinliklariga rioya etilishini, sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq, mahkumlarga insoniy munosabatda bo‘lish, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadida xalqaro organlarga murojaat qilishi hamda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etib ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlarning saylov va referendumlarda ishtirok etish huquqlari kafolatlandi.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi davlatimizning inson huquqlari ta’minlanishi bo‘yicha xalqaro hamjamiyat oldidagi nufuzi oshishiga, xalqaro reyting va indekslarda ijobiy o‘zgarishlarga, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan maqsadlarga erishishga, insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi kafolatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Turli fikr va takliflar, qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi konseptual jihatdan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA