Prezidentimizning 2024 yil 9 yanvardagi “Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, tadbirkorlarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida joriy yil 1 martdan boshlab 16 ta litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi.

Xo‘sh, mazkur farmon bilan tadbirkorlarga qanday qulayliklar yaratilmoqda? Bu haqda Biznes-ombudsman devoni axborot xizmati rahbari Guljamol Shukurova quyidagilarni ma’lum qildi.

– Farmonga ko‘ra, 7 turdagi ruxsat beruvchi hujjat to‘liq bekor qilinadi hamda 6 turdagi ruxsat beruvchi hujjat birlashtirish yo‘li bilan bekor qilinadi. 3 ta litsenziya va ruxsatnoma xabarnoma tartibiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, farmon bilan tadbirkorlarga bir qator qulaylik yaratilmoqda. Jumladan, endilikda chiqish turizmini amalga oshirmoqchi bo‘lgan tadbirkor 15 ming AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larni Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yishi shart emas. Yoki bo‘lmasa transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish faoliyatini tashkil qilmoqchi bo‘lgan sub’ektning joyi yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan belgilanishi shart bo‘lmaydi.

Shu bilan birga,  mehmonxonalarni sertifikatlashtirish uchun arizaga kadarstr hujjatlarini talab qilish kabilar bekor qilinmoqda. Tadbirkorlar tomonidan jarimalarning o‘z vaqtida to‘lanishini rag‘batlantirish uchun litsenziyalash va ruxsat berish sohasidagi qonunbuzilish sodir etganlik uchun moliyaviy jarimaning 50 foizini 15 kun, 70 foizini 30 kun ichida to‘laganda, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi belgilandi.

–Tadbirkorlarga “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi qanday qulaylik beradi?

–“Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi tadbirkorga ma’lum bir faoliyat turi bilan uch oygacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida hech qanday litsenziya va ruxsatnomasiz shug‘ullanish imkonini beradi. Bu rejim tadbirkorlarga o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib olish, sinov tariqasida ishga tushirish va tegishli ruxsatsiz faoliyat olib borganlik uchun javobgarlikka tortilmaslikni  kafolatlaydi.

Yangi farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 martdan boshlab 2025 yil 1 yanvarga qadar huquqiy eksperiment tariqasida rentgen uskunasidan foydalanish va veterinariya laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirish faoliyatini boshlash uchun mazkur rejim joriy etiladi.

Maxsus rejim doirasida uch oygacha muddat davomida ushbu litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olmasdan vakolatli organni “Litsenziya” axborot tizimi orqali bepul xabardor qilgan holda amalga oshirishga ruxsat etiladi. Xabarnoma belgilangan tartibda yuborilganidan boshlab uch oygacha muddat davomida tadbirkorlik sub’ektlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyatni litsenziyasiz va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz amalga oshirganlik uchun javobgarlikka tortilmaydi

Gulnoza Boboyeva, O‘zA