Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Majlis kun tartibidan mamlakatimiz hayotiga daxldor bir qator muhim masalalar o‘rni olgan.

Dastlab deputatlar o‘tgan galgi majlisda qo‘mitaga qaytarilgan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

Qonun loyihasining mazmuni hamda uni takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan ishlar haqida deputat Turg‘unboy Xo‘janazarov ma’lumot berdi.

Qayd etilganidek, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablaridan kelib chiqib, shuningdek, ma’muriy islohotlar doirasida Tabiat resurslari vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga aylantirilgandi va uning vakolatlari, vazifa va funksiyalari, faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Qonun loyihasi bilan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunda vazirlik va uning organlari nomi, vazifa va funksiyalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Shu bilan birga, Oliy Majlis palatalari hamda Vazirlar Mahkamasining tabiatni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda.

– Ushbu qonun loyihasi shu yilning 17 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Qonunchilik palatasining yalpi majlisida ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan berilgan fikr-mulohazalar asosida takomillashtirish uchun mas’ul qo‘mitaga qaytarilgan edi, – dedi Turg‘unboy Xo‘janazarov. – O‘tgan davrda qo‘mita tomonidan berilgan takliflar ishchi guruh a’zolari ishtirokida chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati loyihani takomiliga yetkazishda e’tiborga olindi va qonun loyihasi maromiga yetkazildi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan moddama-modda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.

 

M.Komilova, O‘zA