Senator so‘rovi: jamoat transporti tizimidagi kamchiliklar qachon bartaraf etiladi?

263

Mamlakatimizdagi eng dolzarb muammolardan biri – bu, albatta, jamoat transporti tizimidagi ayrim muammo va kamchiliklar hisoblanadi. Ular, ayniqsa, yurtimizning katta shaharlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Shu bois ham davlatimiz rahbari aholining yuqori sifatli va qulay yo‘lovchi tashish xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘liq qondirish masalasiga e’tibor qaratmoqda. Sohada bozor tamoyillarini joriy etish, jamoat transportida moliyalashtirish tizimi va tarif siyosatini takomillashtirish masalalari bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilingan.

Natijada mamlakatimizda transport xizmatlari ko‘rsatish sifati yaxshilanib, aholiga qator qulayliklar yaratilayotir. Lekin tizimda ayrim kamchiliklar hamon saqlanib qolmoqda. Bu esa, aholi manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha senatorlar tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda ma’lum bo‘ldi.

Shu sababli, Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev O‘zbekiston Respublikasi transport vaziriga aholiga transport xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha ishlar holati yuzasidan senator so‘rovi yubordi.

Unda qayd etilishicha, aholi sonining muntazam ortib borayotgani tufayli jamoat transportiga qo‘yilgan talab kuchaygan. Biroq, ba’zi jamoat transportlarida xizmat ko‘rsatish sifati pastligicha qolayotir. Xususan, hududlarda jamoat transporti vositalari soni yetarli emas va belgilangan harakat jadvallariga rioya etilmaydi. Bu esa muammolarni yanada ko‘paytirmoqda.

Shuningdek, yo‘lovchilar avtobus bekatlarida jamoat transportini uzoq muddat kutib qolishi va ko‘zlangan manzillariga o‘z vaqtida yetib bora olmasligi ularning kundalik ishiga ta’sir qilmoqda. Ayniqsa, keksalar, nogironligi bo‘lgan fuqarolar, davlat xizmatchilari jamoat transportlarida yaratilgan sharoitlardan norozi. Ayrim haydovchilarda muomala madaniyatining yetarli emasligi, yo‘l harakati qoidalariga rioya etmayotgani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga va mutasaddi tashkilotlarga murojaatlar sonining ortishiga olib kelayotgani sir emas.

So‘rovda ayrim transport vositalarining eskirgani va texnik holatining talabga javob bermasligi harakat paytida baxtsiz hodisalarning ro‘y berishi ehtimolini oshirayotgani, shu bilan birga, atrof-muhitning ifloslanishi ortib, tirbandliklar kun sayin dolzarb muammoga aylanayotgani keltirib o‘tilgan.

Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun avtotransport vositalariga chiqish uchun maxsus moslamalarni o‘rnatish ishlariga yetarli e’tibor berilmayotgani, shaharlararo jamoat transportidagi hamda bekatlarni rekonstruksiya qilish kabi masalalarda saqlanib qolayotgan muammolar ko‘rsatib o‘tilgan.

Shulardan kelib chiqib, aholining yuqori sifatli va qulay yo‘lovchi tashish xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘liq qondirish, jamoat transporti korxonalari faoliyatini moliyalashtirish ishlari hamda sohada raqamli texnologiyalarni joriy etish, yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, aholiga jamoat transporti xizmatlari ko‘rsatish, sifatini oshirish va muammoli masalalarni hal etish borasida Transport vazirligi tomonidan ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumotlar so‘raldi.

Shuningdek, hududlardagi jamoat transportlari uchun yaratilgan sharoitlar, transport vositalarining texnik holati belgilangan talablarga javob berishi, kunlik yo‘lkira haqi reja-topshirig‘ini bekor qilish, shaharlararo jamoat transportlari qatnovini yaxshilash, chiptalar sotilishi va soha shaffofligida o‘z yechimini kutayotgan va korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etish kabi masalalarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berilishi hamda sohaga doir qonunchilikni takomillashtirishga oid tegishli takliflar taqdim etish so‘ralgan.

N.Abduraimova, O‘zA