Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuratura organlarining 2023 yilda qonun ustuvorligini ta’minlash, inson, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyat natijalariga bag‘ishlangan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda respublika prokuraturasi, shahar va tuman prokuraturalarining barcha tezkor xodimlari, Departament hamda Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshliqlari ishtirok etdi.
Tahliliy va tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan o‘tgan davr mobaynida 7 ming prokuror nazorati hujjati asosida 2 ming 600 dan ortiq noqonuniy hujjat qonunga muvofiqlashtirildi. Qariyb 14 ming nafar shaxsning buzilgan huquqi tiklandi.
Qonun buzilishlarni bartaraf etish va jazo muqarrarligini ta’minlash borasida 4 yarim ming nafar shaxsning intizomiy va ma’muriy javobgarlik masalasi hal etildi. Tekshirishlar va tergov ishlari davomida 86 milliard so‘mdan ziyod zarar undirildi. Qo‘pol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 349 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Yig‘ilishda barcha sohadagi yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar bo‘yicha mas’ullarning izohlari tinglanib, ularni bartaraf qilishning aniq choralari belgilab olindi.
Hay’at yig‘ilishida ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.