O‘zbekistonga gepatitga qarshi 4,2 million dollarlik preparatlar olib kelinadi

293

Qayd etish lozimki, Misr gepatit V va S viruslariga qarshi kurashish borasida dunyo bo‘yicha katta muvaffaqiyatlarga erishgan. Ayni paytda mamlakat aholisi ushbu kasallikdan butunlay forig‘ bo‘lgani e’tirof etiladi.

Davlatimiz rahbarining gepatit S ga chalingan bemorlarni 100 foiz davolash bo‘yicha tashabbusi ijrosi doirasida dori vositalarining Misrdan kelishi 2024 yilda ham davom etadi.

Xususan, Misr hukumati tomonidan 2025 yilga qadar umumiy qiymati 4,2 million dollarlik jami 800 ming dona kasallikning S turiga qarshi “Daklatasvir” va “Sofosbuvir” hamda V turiga qarshi “Entekavir” preparatlari beg‘araz yordam sifatida berilishi bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Hozirga qadar umumiy qiymati 696 ming dollarga teng mazkur dori vositalari mamlakatimizga bosqichma-bosqich yuborildi, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotida.

Kuni kecha Misr hukumati tomonidan insonparvarlik yordami sifatida ajratilgan “Sofosbuvir-400mg“ dori vositasi yetkazib berildi. 6 ming 720 donadan iborat ushbu preparatlar Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlarga taqsimlanadi.

Marhabo Madaminova, O‘zA