Transport sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar o‘z samarasini berdimi?

Ma’lumki, transport qulayliklari mamlakat rivojini ko‘rsatuvchi va buni ta’minlovchi omillardan biri hisoblanadi. Yurtimizda soha infratuzilmasi yangilanib, sharoitlar kengaytirilayotgani o‘z natijalarini bermoqda.
Xususan, aviatsiya bozori erkinlashgani hisobiga so‘nggi yilda O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshirayotgan aviakompaniyalar soni 2 baravarga o‘sgan. Avtomobil transportida yo‘lovchi tashuvlari 46,9 trillion so‘mni tashkil etib, 2022 yilga nisbatan 105 foizga yetdi. Temir yo‘l transportida – 9,9 trillion, havo transportida yo‘lovchi tashuvlari – 15,8 trillion so‘mni (113,7 foiz)ni tashkil etadi. Investitsiya loyihalari bo‘yicha o‘tgan yilning yakuni bilan jami 1 milliard 15,1 million dollar o‘zlashtirilgan. Bu 2022 yilga nisbatan 108,1 foizga ko‘p.
O‘zbekistonning tashqi savdo yuklari, ya’ni eksport va import 4 ta asosiy xalqaro transport yo‘nalishlarida tashilmoqda. Jumladan, Janubiy yo‘nalishda (O‘zbekiston – Turkmaniston/Afg‘oniston – Eron portlari, O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston portlari) jami yuklarning 4,3 foizidan iborat. Qo‘shni davlatlarga jami yuklarning 56 foizi to‘g‘ri keladi. Transport xizmatlari eksporti 1 milliard 585,7 million dollarni tashkil etdi. Temir yo‘l, havo va avtomobil transporti xizmatlari 72,6 trillion so‘mni, ya’ni 107,5 foizni tashkil etadi.

Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yil yakuni bilan jami yuk hajmi 1 397,0 million tonnaga yetgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 102,9 foizga oshgan. Yuk aylanmasi 46,7 milliard tonna-km. ni hamda barcha transport turlarida tashilgan yo‘lovchi soni 6,4 milliard kishini tashkil etgan. Xalqaro yo‘nalishlarda yuk tashuvlari hajmi 59,2 million tonnani tashkil etadi.
O‘tgan yilda 56 ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishi tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 46 ta avtobus va 55 ta yo‘nalishli taksi, jami 101 ta yangi yo‘nalish tashkil etildi. O‘tgan yilning yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi rezident aviakompaniyalari tomonidan 74 mingta aviaqatnovlar amalga oshirildi. Rezident aviakompaniyalar tomonidan hisobot davrida jami 6 646,7 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi. Bu 2022 yilga nisbatan 1 411,4 ming nafar yo‘lovchiga yoki 27 foizga ko‘p. 2022 yil 1 yanvar holatiga milliy aviasiya parki havo kemalari soni 47 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yil davomida yana 26 ta qo‘shimcha havo kemalari olib kelindi va havo kemalari soni 73 taga yetkazildi.
Respublikamizda faoliyat yuritayotgan rezident va xorijiy aviakompaniyalar tomonidan amalga oshirilayotgan aviaqatnovlar soni haftasiga 1498 taga yetkazildi.
Bundan tashqari, Toshkent xalqaro aeroportidan uchayotgan yo‘lovchilar uchun “Fast Track” xizmati joriy etildi. “Fast Track” xizmati yo‘lovchilarga reysga ro‘yxatdan, bojxona va pasport nazoratidan, shuningdek, parvoz oldidan xavfsizlik tekshiruvidan navbatlarsiz o‘tish imkonini beradi.
Transport-logistika xizmatlari va yo‘lovchilarni tashishda nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo mintaqasida katta salohiyatga ega “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining o‘rni beqiyos. Temir yo‘l transporti sohasida o‘tgan bir yilda salmoqli o‘zgarishlar ro‘y berdi. Misol uchun, o‘tgan yilda “Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodi” AJ tomonidan 10 ta zamonaviy yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarildi hamda 81 ta yo‘lovchi vagon, shu jumladan – 47 ta vagon kapital ta’mirlandi, 34 ta vagon modernizasiya qilindi.
Hozirgi kunda rejaviy ta’mirdan o‘tkazilgan hamda modernizasiya qilingan yo‘lovchi vagonlar hisobidan “Toshkent – Buxoro – Xiva”, “Toshkent – Buxoro – Qo‘ng‘irot” va “Toshkent – Samarqand – Termiz” yo‘nalishlaridagi yo‘lovchi poyezdlar tarkibi hamda boshqa yo‘nalishlarda harakatlanuvchi poyezdlar bosqichma-bosqich to‘ldirilmoqda. Shuningdek, 515 ta yangi yuk vagonlari ishlab chiqarildi.

“Toshkent shahrida yer usti halqa metropoliteni liniyasi qurilishi” loyihasining II-bosqichida uzunligi 7,74 km “Qo‘yliq-Quruvchilar” uchastkasida 5 ta bekatda qurilish-montaj ishlari yakunlanib, 2023 yilning 22 aprel kuni yo‘lovchilarga foydalanish uchun topshirildi va metropolitenning umumiy uzunligi 73,05 km ga yetdi. “Toshkent shahrida yer usti halqa metropoliteni liniyasi qurilishi” loyihasining II-bosqichida uzunligi 3,8 km “Quruvchilar-Qipchoq” uchastkasida hamda 2 ta bekatda qurilish-montaj ishlari yakuniga yetkazilib, metro bekatlari qurilish ishlari yakunlandi.
Shu o‘rinda, aholiga avtotransport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash, jamoat transporti yo‘nalishlari tarmog‘ini kengaytirish va harakat tarkibini zamonaviy, ekologik toza avtobuslar bilan yangilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganini qayd etish joiz.
Barchaga ma’lum, Toshkent shahri Markaziy Osiyodagi eng yirik megapolis. Aholi soni tez o‘syapti, yiliga o‘rtacha 100 mingga oshmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda poytaxtimizda 5 million aholi bo‘lib, shundan 3 milliondan ortig‘i doimiy istiqomat qiluvchilardir. Shahrimizga kelib-ketuvchilar ham ko‘p. Odamlarning aksariyati doimiy harakatlanishda jamoat transportidan foydalanishni afzal ko‘radi. Mavjud talabni qondirish zarurati esa ko‘proq avtobus va yo‘nalishlarga ehtiyoj tug‘diradi. Ya’ni, jamoat transportini rivojlantirish orqali aholining ulardan foydalanish ko‘rsatkichini oshirib, tirbandliklarni qisqartirish, ekologik xavfsizlikni ta’minlashga erishish mumkin.
Shu maqsadda yurtimizda jamoat transportining asosiy qismi bo‘lgan avtobuslar harakati holatini yaxshilash bo‘yicha zarur chora-tadbir va dasturlar amalga oshirilmoqda. Avtobuslar parkini yangilash, transport-infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish ishlari parallel tarzda olib borilyapti.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 oktyabrdagi “Hududlarda jamoat transporti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan norentabel yo‘nalishlarda ishlayotgan tashuvchilarga 2021 yilda 51,1 million, 2022 yilda 8,5 milliard va 2023 yilning o‘tgan davrida 12,1 milliard so‘m subsidiyalar berildi. Buning natijasida hududlarda yangi yo‘nalishlar setkasi ishlab chiqildi. Qishloqdan – tuman markaziga va tuman markazidan – viloyat markaziga prinsipi asosida yo‘nalishlar qayta ko‘rib chiqildi, norentabel yo‘nalishlarni subsidiyalash tizimi orqali jamoat transporti yetib bormagan qo‘shimcha 1081 fuqarolar yig‘inlariga jamoat transporti qo‘yildi.
Respublika shaharlarida jamoat transporti va transport infratuzilmasini ilmiy asoslangan holda rivojlantirish, yaqin, o‘rta va uzoq muddatli strategiyalar hamda manzilli chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun shaharlarning Transport master rejalari ishlab chiqilmoqda. Shu maqsadda 5 ta oliy ta’lim muassasalari bilan jami 18,4 milliard so‘mlik shartnomalar tuzildi.
Toshkent va Samarqand shaharlarining Transport master rejalari ishlab chiqildi. Natijada Toshkent shahri bo‘yicha 167 ta yo‘nalishdan iborat yangi yo‘nalishlar tarmog‘i shakllantirildi. Mazkur yo‘nalishlar brutto-shartnoma tizimi asosida yo‘lga qo‘yildi. Mazkur yo‘nalishlar 2024 yil yanvar oyidan brutto-shartnoma tizimi asosida ish boshladi. Natijada, aholining jamoat transporti bilan ta’minlanganlik darajasi 20 foizga ortadi, atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlarning miqdori yiliga 748 tonnaga kamayadi, avtobuslar oraliq intervali ikki barobarga qisqarib, o‘rtacha 10-15 daqiqani tashkil etadi.
Dastur asosida dispetcherlik xizmatlari 2024 yildan barcha shaharlarda tashkil qilinishi belgilangan. Jamoat transportining jozibadorligini yanada oshirish maqsadida raqamlashtirish bosqichida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi (ATTO) joriy etildi.
Hozirda Toshkent, Andijon, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Namangan, Zarafshon va Urganch shaharlarida bu tizim joriy qilingan bo‘lib, jami 8 ming 419 ta validator o‘rnatilgan. Shuningdek, barcha shaharlardagi mavjud va yangidan sotib olinadigan avtobuslarni qamrab olish uchun 3 ming 336 ta validator olib kelish choralari ko‘rilgan. Bundan tashqari, hududlarda validatorlarga servis xizmati ko‘rsatuvchi bo‘limlarni tashkil etish hamda har bir viloyatda ishdan chiqqan validatorlarni operativ almashtirish uchun validatorlar zaxirasini yaratish belgilab olingan.
Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan avtobusda yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashuvchilar bilan hisob-kitoblar «bosib o‘tilgan yo‘l» va «sifat» mezonlari asosida vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshirishi belgilandi. Yo‘lkira haqi tushumlari vakolatli davlat organi tasarrufiga o‘tkazilgan holda kunlik yig‘ish reja-topshirig‘ini belgilash amaliyotini bekor qilish, hududlarning transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha Transport master rejasi ishlab chiqildi. Barcha shaharlarda avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi va nazorat tizimini tashkil etish, tashuvchilar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun maxsus jamg‘armalar tashkil etish belgilangan.
Avtobuslarga qo‘yiladigan minimal ijtimoiy standartlar ishlab chiqildi. Brutto-shartnoma tizimi asosida 174 ta yangi yo‘nalishlar tarmog‘i bo‘yicha elektron tender tanlovlari o‘tkazilib, brutto tizimida xizmat ko‘rsatish uchun tender g‘olibi bilan shartnomalar tuzildi. Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida – 2024 yil 1 yanvardan boshlab, Nukus shahri va boshqa viloyatlar markazlarida 2024 yil 1 iyundan boshlab bosqichma-bosqich ishga tushirish belgilangan.
Jamoat transportida ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshirish, to‘lovlar shaffofligini ta’minlash, yo‘lkira haqini to‘lashda elektron to‘lov tizimlaridan foydalanishni rag‘batlantirish va avtomatlashtirilgan to‘lov tizimini rivojlantirish maqsadida 2023 yil 1 noyabrdan Toshkent shahrida aholi uchun qulay bo‘lgan yangi tariflar joriy etildi.
Tahlillarga ko‘ra, yuqoridagi tadbirlarni amalga oshirish natijasida Toshkent shahri avtobus yo‘nalishlarida harakatlanayotgan yo‘lovchilar soni bir kunda 1 million yo‘lovchidan oshdi. O‘zbekistonda bir yo‘lovchi qatnovi – 2 000 so‘m etib, elektron to‘lov tizimi (ATTO va Bank kartalari) orqali to‘lovlar amalga oshirilganda 1 700 so‘m undirilishi belgilandi.
Shu bilan birga, Transport kartalaridan foydalanilgan holda bir soat ichida bir yo‘nalishli yo‘lovchi transportidan boshqasiga o‘tish sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul tarif rejalari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, bir soat ichida ikkinchi avtobusdan foydalanish 700 so‘m, bir soat davomida uchinchi va to‘rtinchi avtobusdan foydalanish esa mutlaqo bepul etib belgilandi. Shuningdek, bir soat davomida yo‘lovchilar metroda ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi marotaba harakatlanishi esa 1 100 so‘m etib belgilandi. Interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bugungi kun holatiga 6 ming 132 ta fuqaroga imtiyozli transport kartalari rasmiylashtirildi.
Yana bir ma’lumot, o‘tgan yil boshida Toshkent shahrida 186,6 kilometr avtobus yo‘laklari tashkil etish belgilab olingan. Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan 2025 yilgacha poytaxt ko‘chalarida jamoat transporti doimiy harakatlanadigan umumiy uzunligi 475 kilometr bo‘lgan 36 ta alohida avtobus yo‘laklari paydo bo‘ladi. “Yashil shahar” transport yo‘lagini barpo etish ham ko‘zda tutilgan. Bu bo‘yicha Transport vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Toshkent — kam uglerodli avtotransportga investitsiyalar jalb etishni jadallashtirish” loyihasi tayyorlanib, taqdimoti o‘tkazildi.
Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, “Yashil transport” yo‘lagi poytaxtimizning Shota Rustaveli ko‘chasida joriy etiladi. Loyihaning konsept-dizayni, matematik modeli va texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilgan. Loyihaga ko‘ra, mazkur yo‘lak joriy etilishi natijasida yo‘lak bo‘ylab avtotransportning o‘rtacha tezligi 11 foiz oshishi, atmosfera havosi ifloslanishi 12,3 foiz qisqarishiga erishilishi hisoblab chiqilgan. Sababi unda asosan elektrobuslar harakatlanadi. Qolaversa, alohida velosiped yo‘laklari, yashil hududlar tashkil etiladi. Loyihani ishlab chiqishda yo‘lovchi va aholi fikri o‘rganilib, nogironligi bo‘lgan shaxslar, qariyalar, bolalar va ayollarning jamoat transporti infratuzilmasiga ehtiyoji inobatga olindi.
O‘rganishlarga ko‘ra, bir kunda yo‘lak bo‘ylab avtobusda harakatlanadigan barcha yo‘lovchilar hamda shaxsiy transport egalarining tejalgan umumiy vaqti 3 318 soatni, tejalgan yoqilg‘i yiliga 2,6 million litrni tashkil etib, yiliga 21,2 milliard so‘m iqtisodiy samaraga olib keladi. Loyihaning yana bir yangiligi, “yashil transport” koridorida ayrim avtobus bekatlari ko‘chaning yon qismida emas, balki markazida joylashadi. Bunda yo‘lovchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida har bir bekatdagi svetofor, piyodalar o‘tish yo‘laklari tegishlicha tartibga solinadi. Ushbu yo‘lak orqali harakatlanadigan avtobus yo‘nalishlaridan boshlanishiga kuniga 70 mingdan ortiq yo‘lovchi foydalanishi hisob-kitob qilingan.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA