O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab- quvvatlash” kompleks dasturi tashabbuskorlarini tanlash, ularning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomda dastur ishtirokchilarini tanlab olish;

kichik biznesga ko‘maklashish markazlari tomonidan o‘qitish jarayonini tashkil etish;

moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositalaridan foydalanish yo‘nalishlari va tartibi, shuningdek, tashabbuskorlarga konsultativ xizmatlar ko‘rsatish tartibi belgilab berilgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Dastur doirasida o‘quv jarayonlarini tashkil etish, o‘quv dasturlarini zamonaviy yondashuvlar asosida ishlab chiqish, o‘qitish bo‘yicha trenerlarni tanlash va Kichik biznesga ko‘maklashish markazlarining rahbar va xodimlari malakasini oshirishga mas’ul hisoblanadi.

Markazlar o‘quv jarayonlarini Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, uning hududiy filiallari, oliy ta’lim muassasalari, “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari, sanoat korxonalari, erkin iqtisodiy zonalari va kichik sanoat zonalari, texnoparklar hamda sanoat klasterlari bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.

Dasturda ishtirok etadigan tijorat banklari tomonidan amaliy o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatib, sertifikat olgan tashabbuskorlar loyihalari mazkur karorga muvofik tartibda moliyalashtiriladi.

Dasturda ishtirok etish, moliyaviy va konsultativ qo‘llab-quvvatlash vositalaridan foydalanish borasidagi barcha jarayonlar, shu jumladan, tijorat banklari tomonidan soddalashtirilgan tartibda qaror qabul qilish, kredit shartnomalarini rasmiylashtirish va loyihalarni monitoring qilish Biznes portal orqali amalga oshiriladi.

O‘zA