O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulkni shartnoma-vositachilik shartlari asosida realizatsiya qilish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, 2024 yil 1 apreldan boshlab ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulk Ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulk sotilishini ta’minlaydigan savdo tashkilotlari reyestriga kiritilgan savdo tashkilotlari tomonidan realizatsiya qilinadi.

Qaror bilan Ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulkni shartnoma-vositachilik shartlari asosida realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.

2024 yil 1 martga qadar ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan va sotuvga chiqarilgan mol-mulkning harakatlanishini monitoring qilishning elektron tizimi ishlab chiqiladi hamda savdo tashkilotlari bilan integratsiya qilish imkoniyatlari yaratiladi, shuningdek, ijro hujjatlariga asosan mol-mulkni sotish bo‘yicha talablar savdo tashkilotlari e’tiboriga yetkaziladi.

2024 yil 1 aprelga qadar Reyestr quyidagi davlat organlarining axborot tizimlariga integratsiya qilinishi ta’minlanadi:

Adliya vazirligi – Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi;

Rakamli     texnologiyalar vazirligi – Elektron tijorat ishtirokchilarining milliy reyestri;

Soliq qo‘mitasi – savdo tashkilotlarining soliq qarzi mavjud emasligini tekshirish, shuningdek, savdo tashkilotlarini savdo qoidalariga rioya etganligini tekshirishga qaratilgan zarur ma’lumotlar bazasi;

Kadastr agentligi – Kadastr va ro‘yxatdan o‘tkazish integratsiyalashgan axborot tizimi;

Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati – savdo tashkilotlarining tizimda mavjud avtotransport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi.

Reyestr elektron shaklda real vaqt rejimida yuritiladi.

Reyestrga mol-mulkni qabul qilishdan sotishgacha bo‘lgan jarayonlarni masofaviy monitoring qilish elektron tizimini joriy etgan yuridik shaxslar ixtiyoriy va bepul asosda, elektron tijorat ishtirokchilarining milliy reyestriga kiritilgan yuridik shaxslar esa Reyestrga qo‘shimcha shartlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritiladi.

O‘zA