Dunyodagi eng katta auditoriyaga ega Xitoyning yetakchi gazetasi «Jenmin jibao»ning internet versiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston – Xitoy: ming yillar bardavom do‘stlik va hamkorlik» sarlavhali maqolasi e’lon qilindi.
Ushbu maqolani e’tiboringizga havola etamiz.
“Yaqinda 2024 yilni kutib olib, yangi tarixiy davrga qadam qo‘ydik. Yangi yilning ilk oyi – eng yaqin do‘stlar bilan uchrashadigan, ezgu niyatlar qilib, yangi ishlarga qo‘l uriladigan payt.
Kirib kelgan yilda ilk tashrifimni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi hurmatli Si Szinpin janoblarining taklifiga binoan Osmonosti yurtga amalga oshirishim chuqur ramziy ma’noga ega.
Har gal Xitoyga kelar ekanman, bu yerda amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan muvaffaqiyatlarga, o‘zining ko‘p asrlik orzusi sari modernizatsiya yo‘lidan dadil borayotgan xitoy xalqining bunyodkorlik kuchi, mehnatsevarligi va iste’dodiga chin dildan tahsin aytaman.
Oxirgi o‘n yilda Xitoy Xalq Respublikasi jahonning qudratli davlatiga aylandi, ulkan ilmiy-texnologik va innovatsion taraqqiyotga erishdi, iqtisodiyot va biznesni rivojlantirishning noyob ekotizimini yaratdi.
Mamlakat mutlaqo yangi qiyofa kasb etdi, xalq farovonligi muttasil o‘sib bormoqda, Xitoyning kelgusi rivoji uchun mustahkam intellektual poydevor shakllanmoqda.
Bugun Xitoy muhim xalqaro jarayonlarning mas’uliyatli ishtirokchisi sifatida jahon iqtisodiyoti va boshqaruvida yetakchi o‘rinlarni egallamoqda. Rais Si Szinpinning taraqqiyot, xavfsizlik va sivilizatsiyalararo muloqot borasidagi global tashabbuslari umumbashariy muammolarni hal etish hamda yanada barqaror va inklyuziv kelajakka o‘tishni jadallashtirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
XXR savdo va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, infratuzilmaviy o‘zaro bog‘liqlik loyihalarini amalga oshirish orqali rivojlanayotgan mamlakatlarning iqtisodiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlashda faol ishtirok etmoqda.
Hurmatli Rais Si Szinpin to‘g‘ri ta’kidlaganidek, “Xitoy nafaqat ichki rivojlanish vazifalariga intilmoqda, balki global fikrlab, buyuk davlat sifatidagi mas’uliyatini kengaytirmoqda”.
Xitoyning bunday ulkan yutuqlari Rais Si Szinpin rahbarligida uzoqni o‘ylab va aniq maqsadga yo‘naltirib olib borilayotgan bunyodkorona siyosat natijasidir.
O‘zbekiston Xitoyning do‘stona qo‘shnisi va har tomonlama strategik sherigi sifatida ushbu muvaffaqiyatlardan chin dildan mamnun.
Xitoy bilan ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining bosh ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolmoqda.
Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlaymanki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar barqaror yuqori sur’atni namoyish etib, o‘z tarixidagi eng namunali davrni boshidan kechirmoqda. O‘ylaymanki, bu har tomonlama asoslangan. Zero, “qadim tarixga ega buyuk sivilizatsiyalar doim bir-biriga o‘xshaydi, bir-birini tushunadi va ruhan bir-biriga yaqindir”. O‘zbekiston va Xitoy xalqlarining madaniyati va qadriyatlari o‘xshash. Tarixiy rishtalarimiz jahon savdosining aksariyat qismini ta’minlagan Buyuk ipak yo‘lining vujudga kelish davriga borib taqaladi.
Eng qadimgi hujjatli manbalarda miloddan avvalgi 126 yilda Xan sulolasining ilk elchisi Chjan Syan Farg‘ona vodiysidagi qadimiy Parkana (xit. Dovon) davlatiga tashrif qilgani xususida batafsil ma’lumotlar mavjud.
Xitoy shoyisi, qog‘ozi, chinnisi, choyi va boshqa mahsulotlari O‘zbekistonning Samarqand va Buxoro kabi ko‘hna savdo shaharlarining bozorlariorqali butun dunyoga dong taratgan. Farg‘onadan Xitoyga zotdor otlar, beda, uzum urug‘i, sharobchilik, bog‘dorchilik texnologiyalari va ko‘plab boshqa mahsulotlar yetkazilgan.
O‘sha zamonlardayoq o‘z davrining ikki buyuk sivilizatsiyalari bo‘lmish mamlakatlarimiz nafaqat mahsulotlar, balki bilimlar bilan almashgan. O‘rta Osiyolik olimlar, matematiklar, astronom va tabiblar xitoy ilmi taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan. Ularning ko‘pi qadimgi Xitoyning atoqli davlat arboblari va olimlariga aylangan.
Ma’lumki, buxorolik Said Ajal Umar Yunnan muzofotining birinchi davlat arbobi bo‘lgan.
Buyuk Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari kitobi” va boshqa asarlari xitoy tiliga tarjima qilingan, “Xueyxueyyaofan” (“Musulmon dorilari”) va “Bensaoganmu” (“Dorivor o‘simliklar to‘g‘risida risola”) asarlari yaratilishida foydalanilgan.
Tarixchiy tadqiqotlar shundan dalolat beradiki, Tan sulolasi davrida Xitoy hamda Samarqand, Buxoro va yurtimizning boshqa yirik shaharlari o‘rtasidagi gumanitar almashinuvlar gullab-yashnagan. Xitoy poytaxti va hududlarida san’atimiz, kiyinish odatlarimiz, milliy taomlarimiz va madaniy almashinuvning boshqa jihatlari keng ommalashgan.
Ildizlari chuqur o‘tmishga borib taqaladigan madaniy-tarixiy aloqalar hamda mentalitetlar yaqinligi, do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch kabi mahkam tamoyillarga asoslangan zamonaviy munosabatlar bugun har tomonlama va keng ko‘lamli hamkorligimizga mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
“Qalbi bir birodarlar metallni ham yorishga qodir”, deydi xitoy xalqi. O‘zbekistonda ham “Og‘a-ini inoq bo‘lsa, har qanday ish yurishadi”, degan naql bor.
Keyingi o‘ttiz yilda oliy darajadagi ishonchli muloqot va davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik kengayib bormoqda, yangi tarixiy marallarni zabt etmoqda.
O‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning o‘ziga xos ko‘p darajali tizimi shakllanib, u Hukumatlararo qo‘mita, Parlamentlararo guruh, tashqi siyosiy idoralar rahbarlari darajasidagi Strategik muloqot, faol gumanitar va hududlararo almashinuvlarni qamrab olgan.
Bizni mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni ta’minlashga mushtarak intilish, global xavf-xatarlarni yengib o‘tishda, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda BMTning markaziy roliga va ko‘p tomonlama hamkorlikka sadoqat birlashtirib turadi.
Biz davlat suvereniteti, hududiy yaxlitlik, yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga amal qilish, o‘zimiz tanlagan taraqqiyot yo‘limizni va madaniy-sivilizatsiyaviy o‘zligimizni hurmat qilish kabi mamlakatlarimizning tub manfaatlariga daxldor masalalarda bir-birimizni qat’iy qo‘llab-quvvatlaymiz.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik og‘ishmay kengayib bormoqda.
O‘tgan yil yakuni bo‘yicha ikki tomonlama tovar ayirboshlash 40 foizga oshdi, savdo hamkorlarimiz orasida Xitoy yetakchi o‘rinni egallamoqda.
Investitsiyalar sohasidagi hamkorlik ham faol rivojlanmoqda.
Keyingi yillarda Xitoy investitsiyalari hajmi besh barobar, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida Xitoy sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar esa uch barobar oshdi.
Yuksak texnologiyalar, muqobil energetika, kimyo, mashinasozlik, metallurgiya, elektrotexnika, infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqa sohalarda bir qator yirik qo‘shma investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Xitoylik hamkorlar ko‘magida “yashil” energetikani rivojlantirish va 2030 yilga qadar 27 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqaradigan quvvatlarni barpo etish sari muhim qadamlar tashlayapmiz.
Ushbu muvaffaqiyatli tajribaga tayangan holda, mamlakatimizning Sirdaryo viloyatini agrosanoat parklari, avtomobil ishlab chiqarish quvvatlari, qishloq xo‘jaligi klasterlarini yaratish bo‘yicha istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va innovatsiyalarni joriy qilish uchun pilot hudud sifatida belgilab oldik.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri mustahkam aloqalar o‘rnatilgani boshqa hududlarning rivojiga ham xizmat qilmoqda. O‘tgan yili barcha viloyatlarimiz delegatsiyalari ularning rahbarlari boshchiligida Xitoy muzofotlari va shaharlari bilan sheriklik aloqalarini o‘rnatish uchun ushbu mamlakatda bo‘ldilar.
Modernizatsiya masalalarida, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishda jadal va samarali tajriba, bilim almashish yo‘lga qo‘yildi. Xitoyning kambag‘allikni yengib o‘tishdagi muvaffaqiyatli tajribasi biz uchun juda foydali va muhim ahamiyat kasb etdi. Hamkorlikning bu yo‘nalishini bundan buyon ham mustahkamlash niyatidamiz.
O‘zbek va xitoy xalqlari madaniy-gumanitar sohada ham an’anaviy yaqin rishtalar bilan bog‘langan. Xitoy maqolida aytilganidek: “Mamlakatlar do‘stligi xalqlarning yaqinligidan, xalqlarning yaqinligi esa qalblar yaqinligidan kuch oladi”.
Fuqarolarimizning xitoy tilini o‘rganishga, mamlakatingiz tarixi va madaniyatini bilishga qiziqishi yildan yilga ortib borayotganini ta’kidlashdan mamnunman. Xitoy tili nafaqat oliy ta’lim muassasalarida, balki maktablarda ham ta’lim dasturi doirasida ikkinchi chet tili sifatida o‘qitilmoqda.
Toshkent va Samarqandda Konfutsiy institutlari faoliyat yuritmoqda.
Bir necha ming yigit-qizlarimiz yuqori malakali mutaxassis bo‘lib, bo‘lajak qo‘shma loyihalarimizni amalga oshirishda ishtirok etish uchun Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olmoqda.
Mamlakatlarimiz tarixiy va madaniy yaqinligi faol turizm almashinuvlari rivoji uchun ham qulay sharoit yaratmoqda. O‘zbekiston Xitoy sayyohlik guruhlari tashrif buyurishi uchun tavsiya etilgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Biz O‘zbekistonda turizm infratuzilmasini izchil rivojlantirmoqdamiz. Yurtimiz hududlari Xitoy muzofotlari bilan sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘ygani har yili yuz minglab xitoylik sayyohlarni jalb qilishga xizmat qilmoqda. Shuni alohida qayd etamanki, betakror tarixiy obidalar va go‘zal tabiatga ega mehmondo‘st O‘zbekiston xitoylik do‘stlarimizni qabul qilishdan hamisha mamnun.
Yaqinda Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlari, O‘zbekiston tasviriy va xalq amaliy san’ati ko‘rgazmasi, O‘zbekiston-Xitoy ta’lim forumi bo‘lib o‘tadi, shuningdek, Toshkent va Shanxay o‘rtasida sheriklik aloqalari o‘rnatilganining 30 yilligi keng nishonlanadi.
Fursatdan foydalanib, xitoylik do‘stlarimizni ushbu tadbirlarda faol ishtirok etishga hamda o‘zbek xalqining ko‘p asrlik betakror madaniyati bilan yaqindan tanishishga taklif qilaman.
Mamlakatlarimizning ko‘p qirrali hamkorligi xalqaro maydondagi do‘stlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga yorqin misol bo‘la oladi.
O‘zbekiston Xitoyning global miqyosda jipslashtiruvchi kuchga aylanib bo‘lgan “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini ro‘yobga chiqarish doirasidagi turli dasturlarda faol ishtirok etmoqda.
O‘tgan 10 yilda Buyuk ipak yo‘lini qayta tiklashga qaratilgan ushbu olamshumul g‘oya sayyoramizning barcha qit’alarida o‘z tarafdorlarini topdi, dunyoning uchdan ikki qismini o‘z atrofida birlashtirdi. Bugun u jozibador konsepsiyadan amaliy voqelikka aylanmoqda. Sivilizatsiyaviy, iqtisodiy va madaniy farqlarga asoslangan ajratuvchi chiziqlardan voz kechib, ushbu tashabbus insoniyat sa’y-harakatlarini barchaning ravnaqi yo‘lida maksimal darajada birlashtirishga imkon beradigan davlatlararo muloqot va hamkorlikning mutlaqo yangi formulasini kashf etdi.
Biz uchun “Makon va yo‘l” shunchaki infratuzilmaviy loyiha emas. Tashabbusni birgalikda amalga oshirish tufayli mintaqamiz global o‘zaro bog‘liqlikning muhim bo‘g‘iniga aylanib, transport jihatdan yiroqlikni yengib o‘tmoqda.
Va bugun ishonch bilan ayta olamizki: ilgari turli skeptiklarning mintaqa mamlakatlari taqdiriga Xitoyning Yevropa, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq bilan savdosi uchun tranzit yo‘lak bo‘lishgina bitilgan, degan prognozlari o‘zini oqlamadi.
Markaziy Osiyoga investitsiyalar, mintaqada qo‘shma yuqori texnologik ishlab chiqarishlar ko‘paymoqda, bu esa mamlakatlarimizning umumiy iqtisodiy salohiyati o‘sishiga xizmat qilmoqda.
Xitoyning strategik roli tufayli Markaziy Osiyo dunyo bilan keng hamkorlikka ochilmoqda, mintaqaning geografik kamchiliklarini o‘zining afzalliklariga aylantirmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, umumiy barqarorlik va izchil taraqqiyotning muhim shartidir.
O‘tgan yili Sian shahrida o‘tgan, munosabatlarimizda katta siljish qilish imkonini bergan va ko‘p tomonlama hamkorlikni kelgusida rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilab bergan Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy rahbarlarining birinchi sammiti yakunlari aynan shundan dalolat beradi.
Ushbu format mintaqa davlatlari va XXR g‘arbiy muzofotlarini kompleks rivojlantirish modelini yo‘lga qo‘yish uchun katta salohiyatga ega bo‘lib, sanoat va texnologiyalar borasida yaqin kooperatsiyaga o‘tish, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoy bilan transport, raqamli va gumanitar o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish uchun yangi istiqbollar ochadi.
Jahon siyosatidagi beqarorlik va girdobli harakatlarga qaramay, biz kelajakka ishonch bilan qarayapmiz va birgalikda bunyodkorona rejalar qilyapmiz. Hurmatli XXR Raisi Si Szinpin bilan bo‘lajak uchrashuvimizda aynan shular haqda so‘z yuritamiz.
Ko‘p qirrali hamkorlikning yangi uzoq muddatli kun tartibini hamda bu boradagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishning istiqbolli dasturlarini kelgusi o‘n yillarga mo‘ljal olgan holda ishlab chiqishni prinsipial jihatdan muhim, deb hisoblayman.
Birinchidan, biz ilgari surgan xavfsizlik va farovonlik yo‘lidagi Samarqand birdamligi tashabbusi hamda Rais Si Szinpining Global sivilizatsiya tashabbusining ustuvor yo‘nalishlari ko‘p jihatdan hamohang bo‘lib, yagona xayrli maqsadga – umumbashariy sivilizatsiyalararo muloqotni mustahkamlashga yo‘naltirilgan.
Ushbu muloqotning rivojlanishiga, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash uchun zarur sharoitlar yaratilishiga, eng o‘tkir masalalar bo‘yicha o‘zaro maqbul yechimlar izlanishiga hech narsa to‘sqinlik qilmasligi kerak.
Ikkinchidan, biz munosabatlarimizni sifat jihatidan yangi va yanada yuksak bosqichga olib chiqishdan manfaatdormiz. Bugun dunyoda kechayotgan jarayonlarning murakkabligi va shiddati O‘zbekiston-Xitoy hamkorligining barcha masalalari yuzasidan muntazam fikr almashish va birgalikda yaqindan ishlashni taqozo etmoqda.
Mamlakatlarimizni Markaziy Osiyo mintaqasida va umuman SHHT makonida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga, shu jumladan Afg‘onistonda vujudga kelgan vaziyatning salbiy oqibatlarini bartaraf etishga intilish bog‘lab turadi.
Keng qamrovli siyosiy muloqot mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, barcha asosiy idoralarning ko‘p tomonlama va mazmunli hamkorligiga erishish muhimdir. Samimiy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash jarayoni uzluksiz bo‘lishi lozim.
Uchinchidan, barqaror taraqqiyotga energetika, oziq-ovqat va ekologik inqirozlarning keskinlashuvi bilan bog‘liq yangi xatarlar kuchayib borayotgan sharoitda har tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik sur’atini saqlab qolish va oshirib borish muhim ahamiyatga ega.
Yaqin fursatda O‘zbekistonda suv, elektr energetikasi, avtomobil va temir yo‘llar sohalarida xitoylik sheriklar ishtirokidagi yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha uzoq muddatli Dasturni tasdiqlash rejalashtirilgan.
Unda sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash, raqamli va “yashil” texnologiyalar transferini kengaytirish masalalarini ko‘zda tutish zarur.
Mamlakatimizning jadal rivoji, mavjud ulkan inson kapitali, doimo yuksalib borayotgan ilmiy-texnologik va sanoat-ishlab chiqarish salohiyati ushbu Dastur samarali va sermahsul amalga oshirilishiga ishonch bag‘ishlaydi.
To‘rtinchidan, uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri, bu – Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida mamlakatlarimiz tashqi iqtisodiy faoliyatining transport-logistika infratuzilmasini birgalikda rivojlantirishdir.
Ishonamanki, “Makon va yo‘l” loyihalari dunyo bilan o‘zaro bog‘liqlik va inklyuziv hamkorlikni ilgari surish yo‘lida Markaziy Osiyoning ishga solinmagan salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Biz Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq, Yevropa va butun Yevroosiyo qit’asi bozorlariga olib chiquvchi ishonchli va iqtisodiy manfaatli xalqaro yo‘laklarni shakllantirishga strategik ahamiyat qaratmoqdamiz.
Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida yuk va yo‘lovchilar tashishga mo‘ljallangan va jahon bozoriga olib chiqadigan ko‘p variantli multimodal yo‘nalishlar tizimini rivojlantirish, yangi terminallar barpo qilish, yuqori texnologik ishlab chiqarish va omborxona ob’ektlarini, yo‘llar bo‘yida kompleks servis infratuzilmasini qurish, logistikani raqamlashtirish tarixiy Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab mintaqaviy aloqalarni rivojlantirishga muhim hissa bo‘ladi.
Beshinchidan, O‘zbekiston – Xitoy do‘stligini mustahkamlashda xalq diplomatiyasining ulkan ahamiyati tobora yaqqol bo‘lib bormoqda. Biz madaniy-gumanitar almashinuvni rivojlantirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, turizm va arxeologiya sohalarida hamkorlik qilishning mustahkam institutsional asoslarini shakllantirdik. Bu bizning umumiy boyligimiz, xalqlarimiz o‘zaro anglashuvining buzilmas poydevori bo‘ldi.
Tan sulolasining mashhur shoiri Van Chjixuan: “Ming chaqirim nariroq ko‘rishni istasang, bir daraja balandroqqa ko‘taril”, degan edi.
O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining butun majmuasi bo‘yicha muttasil ijobiy rivojlanish sur’ati – xayrli niyat va g‘oyalarimiz yangi davrdagi har tomonlama strategik sherikligimizni yanada chuqurlashtirish va amaliy mazmun bilan boyitish uchun sharoit yaratib, albatta ro‘yobga chiqishini tasdiqlaydi.
2024 yil – “Yashil Ajdar” yili omad, farovonlik va ravnaq ramzidir.
Fursatdan foydalanib, do‘st Xitoy xalqini oy taqvimi bo‘yicha kirib kelayotgan Yangi yil – fayzli Chun Sze bayrami bilan qutlayman, tinchlik va taraqqiyot, Davlatingiz tashkil etilganining 75 yilligida Xitoy orzusiga erishish yo‘lida muvaffaqiyatlar tilayman”.