O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Hukumat faoliyatini baholash: Koreya Respublikasida qo‘llaniladigan baholash usullari va vositalari” mavzusida o‘quv-seminari boshlandi.

22-26 yanvar kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan mazkur o‘quv-seminari Koreya Davlat boshqaruvi instituti hamda Koreya Respublikasi Bosh vazir kotibiyatining hukumat siyosatini muvofiqlashtirish boshqarmasi ekspertlari tomonidan olib borilmoqda.

Unda davlat boshqaruvi organlarida davlat siyosatini amalga oshirish va davlat dasturlarining ijrosini baholash bo‘yicha davlat organlari va vazirliklarning mas’ul xodimlari ishtirok etmoqda.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – ishtirokchilarni Koreya Respublikasida hukumat faoliyatini baholash tizimi, shu jumladan, qo‘llaniladigan baholash usullari va vositalari bilan tanishtirish hamda o‘quvlar jarayonida olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llashni o‘rganishdan iborat.

Tadbirning dastlabki kunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adham Bekmurodov so‘zga chiqib, “Osiyo yo‘lbarsi” nomini olgan Janubiy Koreya ilg‘or boshqaruv uslublarini joriy qilish orqali qisqa muddatda rivojlangan davlatlar safidan joy olganini ta’kidladi. Shu jihatdan ularning tajribasini o‘rganish foydadan holi emas.

Koreya davlat boshqaruvi instituti prezidenti Chve Sangxan ishtirokchilar bilan onlayn muloqotida O‘zbekistonday ulkan resurslar va imkoniyatlarga ega davlat bilan hamkorlikdan mamnun ekanini ta’kidlab, hamkorlikni yanada chuqurlashtirish lozimligini ta’kidladi.

O‘quv-seminari o‘z ishini sessiyalarga bo‘lingan holda davom ettirmoqda. Seminarning dastlabki kunida ma’ruzachi Kang Jeongseok “Koreya hukumati faoliyatini baholash tizimi” mavzusida so‘z yuritgan bo‘lsa, Xvan Dokyon “Hukumat faoliyatini baholashda o‘zini o‘zi baholash” to‘g‘risida ma’ruza qildi.

Seminarda yig‘ilganlarga davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini ta’minlash, ularning ochiqlik borasidagi samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash hamda ular faoliyatini ilg‘or xalqaro standartlar asosida baholash tizimi xususida ma’lumotlar berilmoqda.

N.Abduraimova, O‘zA