Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan so‘nggi yillarda Xitoy Xalq Respublikasining yetakchi kompaniyalari bilan istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegeyli, Shumanay, Taxiatosh, Qonliko‘l, Chimboy tumanlarida Xitoy bilan hamkorlikda 7 ta korxona faoliyat olib bormoqda. Shulardan biri Chimboy tumanidagi “Lan Extrakt” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi hisoblanadi.
2007 yilda tashkil etilgan ushbu korxonada asosan qizilmiya ekstrakti xomashyosini quritish orqali 40 taga yaqin turdagi tayyor mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Buning uchun 35 gektar yer maydoni ajratilgan va unda 700 ta plantatsiya mavjud. Korxona 1000 ga yaqin fermer xo‘jaligi bilan shartnoma asosida hamkorlik qilmoqda.
– Mahsulotlarimiz Xitoy Xalq Respublikasiga, Amerika Qo‘shma Shtatlariga, Koreya hamda Hindiston davlatlariga eksport qilinmoqda, –deydi qo‘shma korxona ish yurituvchisi Xuan Ching Li. – 2023 yilda qizilmiya ekstrakti xomashyosidan tayyorlangan 1 ming 200 tonna mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilda eksport hajmini 1 ming 800 tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Korxonada ish uch smenada tashkil etilgan. Ishchi-xodimlar uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Ular ikki mahal issiq ovqat, maxsus kiyim-kechak va vaqtida ish haqi bilan ta’minlangan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bugungi kunda 250 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlangan bo‘lsa, joriy yilda ularning sonini 400 nafarga yetkazish nazarda tutilgan. Ta’kidlash joizki, qizilmiya ekstrakti xomashyosidan tayyor mahsulot ishlab chiqarishdan qolgan qoldig‘i qishloq xo‘jaligida mineral o‘g‘it sifatida foydalanilmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari