O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartib solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.

Unga muvofiq, 2024 yil 1 maydan boshlab Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi.

Daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shag‘al materiallari qazib olish huquqi faqat “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali realizatsiya qilinadi.

Moratoriy davrida daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari 10 baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi.

Farmon bilan Ekologiya vazirligiga:

daryo o‘zanlaridan qum-shag‘al materiallarini qazib olishni “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi, Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi hamda Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasining o‘zaro hamkorligini ta’minlagan holda monitoring qilish va bu borada doimiy reydlar o‘tkazish, tartibni buzgan shaxslarga nisbatan choralar ko‘rib borish;

daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida noruda materiallarni qazib olish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan barcha sub’ektlar tomonidan tegishli majburiyatlarning bajarilishini qatiy nazoratga olish;

shartnoma asosida realizatsiya qilingan uchastkalarda daryo o‘zanlarini tozalash ishlari yakunlanganidan so‘ng, loyiha majburiyatlarining bajarilishini joyida o‘rgangan holda uchastkalarni qabul qilish;

daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridagi buzilgan yerlarni bosqichma-bosqich rekultivatsiya qilish, tabiiy landshaftni qayta tiklash, obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini muvofiqlashtirish vazifalari yuklatiladi.

2024 yil 1 aprelga qadar tog‘ va tog‘oldi hududlarida muqobil noruda foydali qazilma konlari va kichik sanoat zonalarini tashkil qilish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi.

Bunda:

daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida joylashgan noruda materiallarni qayta ishlash korxonalarini tog‘ va tog‘oldi hududlariga yoki ushbu hududlarning yaqinida joylashgan kichik sanoat zonalariga ko‘chirish;

tadbirkorlik sub’ektlariga shart-sharoit yaratish maqsadida qo‘shimcha kichik sanoat zonalarini tashkil qilish va ularda muhandislik- infratuzilma ob’ektlarini barpo etish nazarda tutiladi.

2024 yil 1 oktyabrga qadar daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida noruda materiallarni qazish hamda daryo o‘zanlarini tozalash ishlari olib borilayotgan uchastkalarda loyihadan chetga chiqish, noqonuniy qazib olish holatlarini aniqlash va tegishli ma’lumotlarni vakolatli organlarga taqdim etish tizimi yaratiladi.

Bunda:

Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan Ekologiya vazirligiga – noqonuniy qazib olishda tabiiy ob’ektlarga yetkazilgan zararni hisoblash uchun ajratilgan maydon doirasidan tashqarida hamda noqonuniy qazib olingan foydali qazilmalar hajmlari to‘g‘risida ma’lumotlar;

Ekologiya vazirligi tomonidan Soliq qo‘mitasiga – noqonuniy qazib olingan foydali qazilmalar hajmi to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etib boriladi.

2024 yil 1 iyunga qadar xalqaro va mahalliy olimlar hamkorligida Chirchiq daryosi o‘zanini ekologik reabilitatsiya qilish bo‘yicha kompleks loyiha ishlab chiqiladi.

O‘zA