Shveysariya 2024 yilda Ukraina bo‘yicha tinchlik sammitini o‘tkazishni rejalashtirmoqda, dedi mamlakat prezidenti Viola Amxerd “Schweiz am Wochenende” gazetasiga bergan intervyusida.
“Maqsadimiz ushbu sammitni imkon qadar tezroq o‘tkazish, tadbir 2024 yilda bo‘lib o‘tishi kerak”, — degan u.
Amxerdning ta’kidlashicha, Rossiya sammitda ishtirok etishi qiyin, biroq Shveysariya qolgan barcha mamlakatlar bilan gaplashishga harakat qiladi. Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, konferensiyada davlatlarning keng doirasi, jumladan, global janubning ishtirok etishini muvaffaqiyat deb aytsa bo‘ladi.
“Biz sammitimizdan keyin tinchlik rejasi tayyor bo‘lishini kuta olmaymiz. Lekin u tinchlik jarayonini boshlab bersa, shuning o‘zi ko‘p narsaga erishganimizni bildiradi”, — degan Amxerd.