Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan.

Mazkur qarorga muvofiq,2024 yil 1 martdan boshlab qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishda ochiq elektron tanlov o‘rniga elektron onlayn auksion savdolari joriy etiladi.

Endi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari elektron onlayn auksion savdolari orqali o‘ttiz yilga ijaraga beriladi.

Yer uchastkalarini elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha materiallarni tayyorlash, qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritilguniga qadar, ochiq elektron tanlov uchun belgilangan tartibda, elektron onlayn auksion savdolarini o‘tkazish esa, auksion savdolarini tashkil etish hamda o‘tkazish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblariga yer uchastkasi narxini uch yil muddatda har oyda teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Dehqon xo‘jaligi, yakka tartibda bog‘dorchilik, polizchilik va chorvachilikni yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari g‘olibi bo‘lgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan fuqarolarga yer uchastkasi narxini besh yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

2024 yil 1 martga qadar 15 626,8 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasining elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilishini (aholi punktlariga yaqin, suv ta’minoti yaxshi, unumdorligi yuqori bo‘lgan, maydoni, qoida tariqasida, 5 gektardan yuqori konturlarni 1 gektargacha lotlarga bo‘lgan holda);

ochiq elektron tanlovga chiqarilgan va g‘olib aniqlanmagan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari 2024 yil 1 martdan boshlab avtomatik tarzda elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilishi ta’minlanadi.

2024 yil 1 martdan boshlab qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ijarachilariga ijaraga berilgan yer uchastkalari bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini yer uchastkasidan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda boshqa shaxsga o‘tkazishga (qayta ijaraga berishga) ruxsat beriladi.

Bunda ijaraga oluvchi yer uchastkasidan kamida uch yil davomida o‘zi foydalangan bo‘lishi shart bo‘ladi.

Yuridik shaxslarga elektron onlayn auksion savdolari, ochiq elektron tanlov yoki tanlov o‘tkazmasdan davlat organlarining qarorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berilgan yer uchastkalarini boshqa shaxsga o‘tkazishga (qayta ijaraga berishga) ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab besh yildan keyin yo‘l qo‘yiladi.

Ijaraga beruvchi ochiq elektron tanlov natijasiga ko‘ra ijara muddatiga teng taqsimlanadigan qo‘shimcha to‘lovlarni yoki elektron onlayn auksion savdolari natijalariga ko‘ra bo‘lib-bo‘lib to‘lash nazarda tutilgan to‘lovlarni biryo‘la to‘lashi shart.

O‘zA