O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq to‘qqizinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT

20 yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Senatning qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Ma’lumki, keyingi yillarda mamlakatimizda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda sanitariya holatini va ekologik vaziyatni yaxshilash, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Biroq qurilish, ishlab chiqarish va urbanizatsiya ko‘lamlarining kengayishi atrof tabiiy muhitga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish uchun qonunlarda atrof tabiiy muhitga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi ob’ektlarning faoliyatini maxsus vakolatli davlat organlarining qaroriga ko‘ra cheklash yoki to‘xtatib turish mumkinligi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga qonunchilikda tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini cheklash yoki to‘xtatib turish uchun asos bo‘lgan noaniq ta’riflarning mavjudligi davlat organlarining diskretsion vakolatlari kengligi bilan bog‘liq korrupsiya holatlari paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Mazkur hujjat bilan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi hamda “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga davlat organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini cheklash yoki to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorlarni, birinchi navbatda, aholining hayoti va sog‘lig‘iga xavf yuzaga kelishining oldini olish zaruratini hisobga olgan holda qabul qilish asoslarini aniqlashtiruvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Senatorlar fikricha, ushbu qonun ekologik vaziyatni yaxshilashga, aholining hayotiga va sog‘lig‘iga xavf yuzaga kelishining oldini olishga, tadbirkorlik sub’ektlarini himoya qilishga, shuningdek, korrupsiya omillarini bartaraf etishga hamda vakolatli davlat organlarining mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi bilan Eron Islom Respublikasi o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi Shartnomani (Tehron, 2023 yil 18 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi jinoyat sodir etish natijasida ozodlikdan mahrum etilgan O‘zbekiston va Eron fuqarolariga sud tomonidan tayinlangan jazoni o‘z mamlakatida o‘tashlari uchun huquqiy asos va mahkumlarni topshirish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni amalga oshirish imkoniyatini yaratadi.
Ta’kidlash joizki, Shartnoma 2023 yil 18 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Eronga rasmiy tashrifi davomida imzolangan edi.
Hujjatga ko‘ra mazkur Shartnomani ratifikatsiya qilish orqali uning kuchga kirishi mahkumlarni topshirish sohasidagi normativ-huquqiy bazani shakllantirib, ikki davlat vakolatli organlarining ushbu sohadagi o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshiradi.
Muhokama chog‘ida senatorlar mahkumlarga jazoni o‘z yurtida o‘tashi ularga yaqin qarindoshlari bilan muntazam ko‘rishib turish imkonini berishini, bu esa o‘z navbatida oilaviy munosabatlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini, shuningdek, mahkumlarning ijtimoiy hayotga moslashishiga yordam berishini alohida qayd etdilar.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasi bilan Vetnam Sotsialistik Respublikasi o‘rtasida jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi Shartnomani (Xanoy, 2022 yil 14 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, qonunda jinoiy ishlar tekshirilishi va boshqa protsessual harakatlar olib borilishi munosabati bilan yuridik yordam ko‘rsatishning asoslari va shartlari nazarda tutilmoqda.
Xususan, so‘rovlarning shakli va mazmuni, yordam ko‘rsatishni rad etish yoki kechiktirish asoslari, so‘rovlarni bajarish, himoya choralari, xavfsizlik kafolatlari, shuningdek, jinoiy ta’qibni davom ettirish uchun o‘tkazish kabi muhim masalalar bo‘yicha qoidalar belgilanmoqda.
Senatorlar jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi jinoiy ishlar bo‘yicha tekshirish va sud muhokamasida ikki mamlakat huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatining samaradorligini oshirishga, shuningdek, jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Shuningdek, Shartnoma ikki davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlarining jinoyat ishlarini tergov qilish va sudda ko‘rishda samaradorlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhokama yakunida senatorlar tomonidan qonun ma’qullandi.
Senatning qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida navbatdagi milliy ma’ruza ko‘rib chiqildi.
Ushbu milliy ma’ruza Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taqdim etilgan ikkinchi ma’ruza hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori tomonidan taqdim etilgan ma’ruzada mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida 2022 yilda amalga oshirilgan ishlarga batafsil to‘xtalib o‘tildi.
Xususan, mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini takomillashtirish, huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida sohaga taalluqli 13 ta, shuningdek, iqtisodiy-ijtimoiy sohalardagi islohotlarni amalga oshirish doirasida korrupsiya omillarini qisqartirishga qaratilgan 24 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.
Buning natijasida davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash hamda ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etilgan.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha “E-Antikorrupsiya” loyihasi ishga tushirilgan.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilangan. Mazkur preventiv mexanizmlar orqali davlat organlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi mas’uliyati va javobgarligi kuchaytirilib, jamoatchilik oldidagi hisobdorligi oshirildi.
Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi doirasida korrupsiya holatlari haqida xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus dasturiy ta’minot, shuningdek, “1253” qisqa raqamli “Call-markaz” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifati yaxshilanib, korrupsiyani yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan ortiqcha tartib-taomillar qisqartirilgan hamda elektron shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni oshirilgan.
Xususan, 73 turdagi hujjat va ma’lumotlarni aholidan talab qilish bekor qilinib, taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlar soni 95 tagacha
(43 foiz) qisqartirilgan hamda 6 ta litsenziya va ruxsatnomada belgilangan 17 ta talab va shart bekor qilingan.
Korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan kapital qurilish, oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash va davlat xaridlari sohalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”lari tasdiqlanib, ijrosi ta’minlangan.
Shu bilan birga, senatorlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ayrim muammolar saqlanib qolayotganligi qayd etildi.
Davlat idoralari va tashkilotlarda keng qamrovli preventiv chora-tadbirlar o‘tkazilishiga qaramay korrupsiya holatlari hamon uchramoqda.
Xususan, davlat xaridlari bilan bog‘liq byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinishi, subsidiyalar ajratish jarayonlaridagi noqonuniy harakatlar, nazorat organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatining noqonuniy tekshiruvi kabi holatlarni qayd etish mumkin.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalariga ko‘ra davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan
20 tasining faoliyati “qoniqarsiz” baholangan bo‘lsa, Ochiqlik indeksi bo‘yicha 27 ta davlat organi va tashkilotining ochiqlikni ta’minlash faoliyati past samaradorlikni qayd etgan.
Milliy ma’ruzani eshitish davomida senatorlar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid qonunchilikni yanada takomillashtirishga doir takliflarni ham muhokama qildilar.
Savol-javob va muhokamalardan so‘ng Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Bundan tashqari, Senatning mazkur yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirining irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axboroti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi ijrosi doirasida qator natijalarga erishilgan.
Xususan, o‘tgan uch yil davomida suv xo‘jaligi ob’ektlarida 9 mingga yaqin “Aqlli suv”, 6 mingdan ortiq “Dayver” qurilmalari o‘rnatilib, 58 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ektining boshqaruv jarayonlari to‘liq avtomatlashtirilgan hamda 1,5 mingta nasos stansiyasida suv miqdorini onlayn monitoring qiluvchi qurilma o‘rnatilgan.
2023 yilda 297 km kanal, 41 km lotok, 11 ta gidrotexnika inshooti, 2 ta ko‘prik, 56 ta sug‘orish qudug‘i rekonstruksiya qilinib, qirg‘oqlarni himoyalash ishlari bajarilgan. Melioratsiya ob’ektlarini tizimli ta’mirlash va tiklash ishlari bo‘yicha 316 milliard so‘m o‘zlashtirilib (limitga nisbatan 94 foiz), 11 ming km kollektor-drenaj tarmoqlari ta’mirlangan.
Shu bilan birga, muhokama jarayonida senatorlar tomonidan sohada ayrim kamchilik va muammolar mavjudligi ta’kidlandi.
Jumladan, Suv xo‘jaligi vazirligi balansidagi suv xo‘jaligi ob’ektlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sektorga berish ishlari yetarli darajada amalga oshirilmagan.
Strategiya doirasida Sirdaryo viloyatida 3 ta, Toshkent viloyatida 2 ta, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida 1 tadan yirik gidrouzel va irrigatsiya tizimini raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirish ishlari bajarilmagan.
Vazirlik tizimidagi meliorativ ekspeditsiyalar sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini ekspress baholash imkonini beruvchi zamonaviy texnikalar, tezkor ko‘chma mobil laboratoriya va o‘lchov vositalari bilan yetarli darajada ta’minlanmagan.
Sug‘orish ob’ektlariga qurilmalarni sifatsiz o‘rnatish va ulardan to‘g‘ri foydalanilmaslik oqibatida birgina Surxondaryo viloyatida markaziy bazaga integratsiya qilingan 56 ta qurilma nosoz holatga kelib qolgan hamda 2021 yil sentyabrdan buyon markaziy bazaga ma’lumot uzatmagan.
Muhokamalar jarayonida senatorlar tomonidan sohadagi kamchilik va muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qator takliflar bildirildi.
Meliorativ ekspeditsiyalarning moddiy-texnik bazasini zamonaviy texnikalar, tezkor ko‘chma mobil laboratoriya va o‘lchov vositalari bilan to‘liq ta’minlash, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarni kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish maqsadida joylardagi rahbar va xodimlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish shular jumlasidan.
Shuningdek, senatorlar suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish ishlarini samarali tashkil etish hamda har bir hududda ulardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha yetuk mutaxassislarni jalb qilgan holda ko‘rgazmali seminarlar o‘tkazish hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishning manzilli ro‘yxatini shakllantirish, ularni to‘g‘ri joriy etish va samarali ishlatish, mablag‘larni maqsadli o‘zlashtirish borasidagi ishlarning natijadorligini oshirish zarurligiga e’tibor qaratdilar.
Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan so‘ng yalpi majlisda yaylovlar degradatsiyasining oziq-ovqat xavfsizligiga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga hamda atrof-muhitga salbiy ta’siri yuzasidan yuzasidan Hukumatga parlament so‘rovini yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, yaylovlar ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan muhim ahamiyatga ega bo‘lib, mintaqamizda ekologik muvozanatni saqlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, chorvachilikni rivojlantirish hamda aholining turmush darajasini yaxshilashda asosiy tabiiy manbalardan biri hisoblanadi.
Shu sababli yaylovlarning tabiiy sharoiti, konturlari, tuprog‘i, ulardagi o‘simliklar xilma-xilligi, miqdori va suv bilan ta’minlanish darajasini yaxshilash talab etilmoqda.
Bugungi kunda 4,2 million gektar yaylovda geobotanik tadqiqotlar o‘tkazilib, degradatsiyaga uchragan maydonlarning xaritalari tayyorlangan hamda 420 ming gektar degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklash va yaxshilash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Suv bilan ta’minlanmagan 144 ming gektar yaylovda chorva mollarini boqish imkoniyati yaratilgan. 2022-2023 yillarda shaxtali va tik quduqlar qazish, nasos stansiyalarini yangidan qurish hamda rekonstruksiya qilishga 40 milliard so‘m miqdorida subsidiya mablag‘lari ajratilgan.
Senatorlar olib borilayotgan ishlar bilan bir qatorda yaylov yerlaridan samarali foydalanish, ularni nazorat qilish va degradatsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ayrim hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar dolzarbligicha qolayotganligini ta’kidladi.
Jumladan, respublikaning 21 million gektar maydonini (umumiy yer maydonining 47 foizini) egallagan yaylovlarning 50 foizidan ortig‘i turli darajada inqirozga uchraganligi, 11 million gektar yaylovning tabiiy ravishda yem-xashak hosil qilish salohiyati pasayib, yaroqsiz holatga kelib qolganligi ta’kidlandi.
Yaylovlarda chorva mollarini almashlab boqish tizimi yetarli darajada joriy etilmaganligi va chorva mollari sonining keskin ortganligi bois yaylov yerlari katta bosim ostida qolgan. Buning oqibatida ozuqabop yem-xashak o‘simlik turlari siyraklashib, yo‘qolib ketish darajasiga yetganligi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, yaylovlardagi o‘simliklar qoplamining hozirgi holati va degradatsiya jarayonlarini, yaylovlarning xo‘jalik imkoniyatlarini o‘rganish va shu asosda yaylovlardan oqilona foydalanish tizimini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmayapti.
Sohada mutaxassislar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilmaganligi bois kadrlar yetishmovchiligi yuzaga kelgan.
Cho‘l va yarim cho‘l hududlarida ixota daraxtzorlarini barpo etish, inqirozga uchragan yaylov maydonlarini qayta tiklash ishlari amalga oshirilmaganligi tufayli shamol ta’sirida tuproq eroziyasi kuchayib, chang-to‘zonlarning hosil bo‘lish jadalligi ortib bormoqda.
Muhokama yakunida ushbu masalalarga oydinlik kiritish maqsadida Hukumatga parlament so‘rovini yuborish to‘g‘risida Senatning qarori qabul qilindi.
Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.
Yalpi majlisda senatorlar tomonidan jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 15 ta masala, shu jumladan, 10 ta qonun muhokama qilindi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq to‘qqizinchi yalpi majlisi yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati