O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi hamda O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘l-lab-quvvatlash markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bilan hamkorlikda “Xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida “Eng yaxshi biznes reja” tanlovining hududiy bosqichi o‘tkazildi.
Unda partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi xodimlari, mutasaddi tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Har bir ishni boshlashdan oldin uni puxta rejalashtirish kerakligi barchaga ma’lum. Biznes boshlashdan avval reja tuzish ishingiz yanada muvaffaqiyatli bo‘lishiga yordam beradi.
Joriy yil mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb belgilandi. Bu bilan ertangi kunimizning davomchilari bo‘lgan yoshlarimizga bo‘lgan e’tibor va biznes bilan shug‘ullanuvchilar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsad qilingan. Mazkur partiyaviy loyihaning maqsadi ham aynan xotin-qizlar va yoshlarning tadbirkorlik hamda fermerlik faoliyatiga qiziqishini yanada kuchaytirish, ularni shu sohaga kengroq jalb etish, biznes rejalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Tanlovda ishtirokchilar tadbirkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z biznes-rejalari bilan ishtirok etdi. Hakamlar hay’ati a’zolari har bir biznes rejalar bilan yaqindan tanishib, har birga alohida e’tibor qaratdi.
Tanlov yakunida faxrli birinchi o‘ringa Bo‘zatov tumanidan “Kenjebek Dauletiyar” MCHJ rahbari Nargiza Baribayeva munosib deb topildi. Ikkinchi o‘rinni Qo‘ng‘irot tumanidan hunarmand Albina Sarsengaliyeva egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Beruniy tumanidan “Ilyosbek E’zoza” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Nodira Qutlimuratovaga nasib etdi.
– Tanlovda men ham o‘z biznes rejam bilan ishtirok etib, g‘olib bo‘lganimdan mamnunman, – deydi Bo‘zatov tumanidan “Kenjebek Dauletiyar” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Nargiza Baribayeva. – Biznes rejam asosan korxona qoshida mehmonxona xizmatini ochish. Loyihamning umumiy qiymati 350 million so‘mni tashkil etadi. O‘z hisobimdan 250 million, bank krediti hisobidan 100 million so‘mni tashkil etadi. Bilasiz, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Bo‘zatov tumani qayta tashkil etilib, ko‘pgina ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo tumanga tashrif buyurgan mehmonlar, chet el investorlari uchun bironta ham mehmonxonaning yo‘qligini inobatga olgan edim.
G‘oliblarga partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Bundan tashqari, faol ishtirok etgan ishtirokchilar ham rag‘batlantirildi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri.