Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida tizimda sidqidildan xizmat qilib, namunali xulqi, tarbiyasi, kasbiga bo‘lgan sadoqati bilan o‘rnak bo‘layotgan xodimlardan 15 nafarining onalari boshqarmaga taklif etilib, rahbariyat tomonidan e’tirof etildi.
Tadbirda boshqarmaning asosiy ko‘rsatkichlari, davlat byudjetiga undirilgan bojxona to‘lovlari, xodimlar tomonidan aniqlangan bojxona qonunbuzilishi holatlariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xalq faravonligi, yurt osoyishtaligi, mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan bojxonachilarga tarbiya bergan onaxonlarga tashakkur aytildi.
Farzandining kamolini ko‘rib, ular tufayli rahmat eshitish baxtiga sazovor bo‘lgan onalar ko‘zida faxr va quvonch tuyg‘ulari porladi.
Bundan ruhlangan har bir xodim o‘z xizmat vazifalariga yanada vijdonan yondashadi, salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaydi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad ham asli shundan iborat.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri