Davlat organi va tashkilotlarida ochiqlik to‘liq ta’minlanmayotgani korrupsiyaga sabab bo‘lmoqda

Senat yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi navbatdagi milliy ma’ruza ko‘rib chiqildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida 2022 yilda amalga oshirilgan ishlarga batafsil to‘xtalib o‘tildi.
Qonun hujjatlari takomillashtirilib, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash hamda ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etildi.
Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha “E-Antikorrupsiya” loyihasi ishga tushirilgan.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilangan. Mazkur preventiv mexanizmlar orqali davlat organlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi mas’uliyati va javobgarligi kuchaytirilib, jamoatchilik oldidagi hisobdorligi oshirildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021 – 2022 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi doirasida korrupsiya holatlari haqida xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus dasturiy ta’minot, shuningdek, “1253” qisqa raqamli “Call-markaz” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifati yaxshilanib, korrupsiyani yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan ortiqcha tartib-taomillar qisqartirilgan hamda elektron shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni oshirilgan. Xususan, 73 turdagi hujjat va ma’lumotlarni aholidan talab qilish bekor qilinib, taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlar soni 95 tagacha (43 foiz) qisqartirilgan hamda 6 ta litsenziya va ruxsatnomada belgilangan 17 ta talab va shart bekor qilingan.
Korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan kapital qurilish, oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash va davlat xaridlari sohalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”lari tasdiqlanib, ijrosi ta’minlangan.
Majlisda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ayrim muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi. Davlat idoralari va tashkilotlarda keng qamrovli preventiv chora-tadbirlar o‘tkazilishiga qaramay korrupsiya holatlari hamon uchramoqda. Xususan, davlat xaridlari bilan bog‘liq byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinishi, subsidiyalar ajratish jarayonlaridagi noqonuniy harakatlar, nazorat organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatining noqonuniy tekshiruvi kabi holatlarni qayd etish mumkin.

Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalariga ko‘ra davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan 20 tasining faoliyati “qoniqarsiz” baholangan bo‘lsa, Ochiqlik indeksi bo‘yicha 27 ta davlat organi va tashkilotining ochiqlikni ta’minlash faoliyati past samaradorlikni qayd etgan.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva aynan shu holatga e’tibor qaratib, ochiqlik ta’minlanmasligi, ya’ni yopiqlik korrupsiyaga sabab bo‘layotgan omillardan biri ekanini qayd etdi. Qolaversa, korrupsiyaga qarshi kurashish faqatgina bitta agentlikning ishi emas, bu butun jamiyatning ishi ekaniga urg‘u berdi.
– Farzand tug‘ilganidan boshlab uning dunyoqarashini shunga qarshi shakllantiradigan bo‘lsak, keyin targ‘ibot ham, komplayens-nazorat yoki jazolar ham kerak bo‘lmaydi. Faqat tegishli tizimlar bunga unchalik e’tibor bermayapti. Prezidentimiz mahallaga yangi ruh berdi, ya’ni katta bir assotsiatsiya tashkil etildi. Demak, ishlar ham yangicha bo‘lishi kerak. Oilada mana shu immunitetni qanday qilib shakllantirish bo‘yicha oila instituti ishlashi kerak. Ota-onalarga bilim berish, bolalarga shu g‘oyalarni singdirish zarur. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Singapur tajribasini, xususan, tarbiyaviy soatlar, ota-onalar bilan ishlash, o‘qituvchilarning samaradorlik ko‘rsatkichlari – hammasini o‘quv dasturlariga kiritishi kerak. Agentlik diniy idora, Ma’naviyat kengashi va Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlik qilishi lozim. Hamma o‘ylashi kerakki, bu hisobot hammaga taalluqli. Ayniqsa, ommaviy axborot vositalari katta kuch va bundan unumli foydalanish maqsadga muvofiq, – dedi T.Norboyeva.
Senatorlar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid qonunchilikni yanada takomillashtirishga oid takliflarni ham muhokama qildi. Savol-javob va muhokamalardan so‘ng Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Norgul Abduraimova, O‘zA