So‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining Orolbo‘yi aholisiga alohida g‘amxo‘rligi natijasida hudud iqtisodiyotini ko‘tarishga, odamlarning turmushini yaxshilashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Jumladan, o‘tgan yilda hududdagi 452 ta shaharcha, mahalla va mahalla fuqarolar yig‘inining har biriga 500 million so‘mdan, jami 226 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratilib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 43 mingdan ziyod turarjoyning kadastr hujjatini tayyorlash ishlari yo‘lga qo‘yildi. Shahar va ovullarni obod qilish maqsadida 640 kilometrga yaqin tuproq yo‘llarga 55 milliard 678 million so‘mlik qum-shag‘al aralashmasi to‘shash ishlari olib borildi. Orolbo‘yi hududi yoshlarining oliy ta’lim muassasalariga kirishi  uchun 10 ming kvota ajratilib, xorijda ta’lim olayotgan yoshlarning o‘qishini yurtimizning oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida ko‘chirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

O‘tgan yilda davlat dasturlari doirasida jami 699 ta ob’ektda 1,6 trillion so‘mlik qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borildi. Investitsiya dasturi asosida 58 ta ob’ektda 547,9 milliard so‘mlik, mahallalarda 286 ob’ektda 238 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

– Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan hududda amalga oshirilayotgan ishlar  natijasida Qoraqalpog‘istonda biznes yuritish uchun boshqa hech bir hududga berilmagan imtiyoz va imkoniyatlar taqdim etilmoqda, –  deydi “Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi rahbari Tajibay Romanov. – Prezidentimiz bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri aholini, ayniqsa, yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘qitish, daromadli ish va munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlashga alohida  e’tibor qaratdi. Shu maqsadda joriy yilda  sanoat hajmi 23 trillion so‘mga yetkazilib, 2 trillion so‘mlik yangi quvvatlar yaratish belgilanmoqda. To‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari tarmoqlarida 24 ta yirik loyiha ishga tushiriladi.

Qayd etilganidek, joriy yilda hududga 2 milliard 100 million dollar xorijiy investitsiya jalb etilishi mo‘ljallangan. Buning evaziga sanoatda 206 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 240 ta, qishloq xo‘jaligida 34 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Ularda 13 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rni ochiladi.

Qoraqalpog‘istonda ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa xizmatlar izchil rivojlanmoqda. Berilgan imkoniyatlardan samarali foydalangan holda joriy yilda eksport hajmi yanada oshiriladi.

Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘istonda turizmni, ayniqsa, uning eko, etno, ziyorat yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish, turizm klasteri tashkil etish va sohaga xorijiy ekspertlarni jalb qilish yuzasidan topshiriq berdi. Buning uchun Nukus aeroportini rivojlantirish va aviaqatnovlarni ko‘paytirish, yangi mehmonxonalar qurish, muzeylarni modernizatsiya qilish, yo‘l bo‘yi xizmatlarini kengaytirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi  mutasaddilarining ta’kidlashicha, yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida joriy yilda qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsion loyihalarni ishga tushirish hamda qurilish-kommunal xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish, shuningdek “Mahallabay” ishlash tizimida jami 268 ming 230 nafar fuqaroning bandligini ta’minlash rejalashtirilgan. Shuningdek oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali hokim yordamchilari tomonidan 110 ming nafardan ziyod fuqaroga 2 trillion so‘mlik kredit, 6 ming nafar ishsiz fuqaroga 30,8 milliard so‘mlik subsidiya ajratish, 11  ming nafardan ziyod fuqaroni kasb-hunarga o‘qitish,  87 ming nafar fuqaroni tadbirkorlikka jalb qilish,  2 ming nafarga yaqin fuqaroni Rossiya, Qozog‘iston hamda Yevropa davlatlariga xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyaga yuborish rejalashtirilgan.

Albatta, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Orolbo‘yini ishsizlikdan xoli hududga aylantirish borasidagi keng ko‘lamli islohotlar mamlakatimizda “Inson qadri uchun” g‘oyasi ostida olib borilayotgan xayrli ishlarning amaliy ifodasidir.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari